Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi dunyoni xatarga qo`yayotgan vmrus borasida so`ngi ma`lumotni taqdim etdi.
2020 yil 3 fevral kuni olingan rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 17238 nafardan ortiq fuqarolar kasallanib, 2296 nafar fuqaro og`ir holatda davolanmoqda, 361 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan koronavirus infeksiyasini O`zbekiston Respublikasiga chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Agentlikning mutaxasislari tomonidan koronavirus infeksiyasiga gumon qilinganda epidemiologik surishtiruv o`tkazish, xabar berish, dezinfeksiya tadbirlarini olib borish qo`llanmalari tayyorlandi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining mutaxasislari ishtirokida Toshkent xalqaro aeroporti samolyot ekipajlari, bort kuzatuvchilari o`rtasida koronavirus infeksiyasini profilaktikasi bo`yicha qaytadan o`quv, amaliy seminari o`tkazildi.
2020 yil 2 fevral kuniga qadar Agentlik qoshida tashkil etilgan shtab ishonch telefoni orqali 1559ga yaqin fuqarolarimizdan kelib tushgan savollarga javob berildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi bilan Ichki ishlar vazirligi o`rtasida Xitoy Xalq Respublikasidan kirib kelgan fuqarolar to`g`risida kundalik axborot almashinuvi yo`lga qo`yilgan.
Ushbu fuqarolar to`g`risidagi ro`yxat asosida xar bir sog`liqni saqlash boshqarmalari va birlamchi tibbiy bo`g`inlar orqali xonadonma-xonadon yurib, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan yurtdoshlarimiz 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda.
I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 2 fevral kuni xorijiy davlatlardan 31ta samolyot qabul qilingan, 4472 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o`tkazilgan, shulardan 10 nafari Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari, 157 nafari Xitoy Xalq Respublikasida o`qiydigan o`zbekistonlik talabalardir.
Temir yo`llari AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6ta sanitariya-karantin punktidan jami 676 nafar fuqarolar o`tishgan, shulardan 34 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko`tarilgan bemorlar aniiqlanmagan.
Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlari orqali 1816ta avtotransportlar, 33129 nafar fuqarolar o`tkazilgan, shulardan 15510 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko`tarilgan fuqarolar aniqlanmagan.
Xitoy Xalq Respublikasida koronavirus infeksiyasi bo`yicha kuzatilayotgan murakkab epidemik vaziyat, bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o`tamiz, bugun Uzbekistan Airways Uxandan Toshkentga O`zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun bepul charter reys amalga oshiradi.
Shuningdek, 3 nafar O`zbekiston fuqarosi koronavirus gumoni bilan Ekaterinburgda kasalxonaga yotqizilgani ma`lum qilindi.






