1

Jizzaxda erining muomalasidan g`azablangan xotin uni pichoqladi

Jamiyat 04.02.2020, 13:02
Jizzaxda erining muomalasidan g`azablangan xotin uni pichoqladi

Erkak turmush o`rtog`idan choy damlab berishini so`radi. Ayol bunga javoban nimalarnidir ming`irlab erining g`azabini oshirdi. Jahli chiqqan oila boshlig`i xotinini haqorat qilib, choyni o`zi damlamoqchi bo`ldi. Oshxonaga yo`l olgan erkak bo`lsa yo`lida turgan ayolini itarib yubordi. Bunga javoban rafiqa oshxona pichog`ini olib, turmush o`rtog`ining qorniga tiqdi.

Erkak azobdan dodlay boshlagach, siri oshkor bo`lishidan cho`chigan ayol turmush o`rtog`ining uydan chiqishiga yo`l qo`ymadi. Shu payt xonaga erkakning qarindoshlaridan biri kirib qoldi. Ayolga bas kelolmasligini tushungan qarindosh kelishuv taklif qiladi: erkakni hozir shifoxonaga olib borishadi, u bo`lsa pichoqlanganligini aytmaydi. Ayol rozi bo`ldi.

Kasalxonaga qornidan jarohatlangan, 1984 yilda tug`ilgan, Jizzax viloyatining G`allaorol tumanida yashovchi erkak keltirildi. Undan nima bo`lganini so`rashganida, qoziqqa yiqilganini aytdi. Shifokorlar bu gapga ishonishmadi, chunki hayot uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohati yassi va o`tkir tig`li jism bilan etkazilgani kundek ravshan edi. Holat bo`yicha ichki ishlar organiga xabar qilindi. Yolg`on gapirishning foydasi yo`qligini tushungan jabrlanuvchi xodimlarga bo`lgan voqeani so`zlab berdi.

Sudda ham erkak bor gapni aytdi. Xotini, ya`ni ayblanuvchi erining barcha gaplari to`g`riligini tasdiqladi. Jinoyatchining ayolligi, uch nafar voyaga etmagan farzandi borligi inobatga olinib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jarrohlik operasiyasidan so`ng erkak ajrashish to`g`risida ariza topshirdi. Uning qarindosh-urug`lari ham ularning birga yashashlariga qarshi edi. Erning turmush o`rtog`ini onalik huquqidan mahrum etish hamda aybdorga og`irroq jazo tayinlash yuzasidan appelyasiya tartibida qilgan murojaati qondirilmadi.

Manba: "Postda"

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1