O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan jazo muddatini o`tayotgan 58 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 41 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 3 nafariga tayinlangan jazo engilroq jazo bilan almashtiriladi, bir so`z bilan aytganda, 44 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 2 nafarini ayollar tashkil etadi.
Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag`rikenglik, kechirimli bo`lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko`rsatish kabi ezgu fazilatlar namoyon bo`lganligining amaliy ifodasidir.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag`riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug`ullanishlari, sog`lom turmush tarzini yo`lga qo`yib, jamiyatda munosib o`rin topishlari uchun ularga ko`mak berish yuzasidan mas`ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.






