Venszyun Van 33 yoshda. U uy bekasi, u oilasi bilan yangi koronavirus tarqala boshlagan Uxanda yashaydi.
U va uning qarindoshlari 23 yanvardan buyon shaharni tark etolmaydi, Uxanga kirish va u erdan chiqish qat`iyan taqiqlangan.
O`tgan vaqt ichida koronavirusdan zararlanganlar soni 25 mingga yaqinlashgan, kamida 490 kishi vafot etgan.
Shahardan ma`lumot deyarli chiqmayapti. Bi-bi-si Venszyun Van bilan bog`lanishga muvaffaq bo`ldi, u oilasi epidemiya sharoitidagi bu shaharda yashab qolish uchun qanday murakkabliklar bilan to`qnashgani haqida hikoya qilib berdi.
Koronavirus epidemiyasi boshlangan vaqtda amakim vafot etdi, otam og`ir ahvolda qolmoqda, onam va xolamda ham bu kasallik simptomlari aniqlangan.
Tomografiyadan keyin ularning zararlanishi engil ekani aniqlandi. Ukam ham yo`tala boshladi, u nafas olishga qiynalardi.
Otamning harorati ko`tarildi, isitmasi chiqdi. Kecha tana harorati 39,3 darajagacha chiqdi. U hamisha yo`taladi, nafas olishga qiynaladi. Biz unga kislorod apparati oldik, u kun davomida ushbu apparatdan foydalanadi.
Otam G`arbdan kelgan dori vositalarini ham, mahalliy preparatlarni ham qabul qilmoqda. Uni shifoxonaga olishmadi, chunki testlar uchun zarur uskunalar etishmovchiligi tufayli rasman tashxis qo`yilmagan.
Onam va xolam o`zlari ham betob bo`lishsada har kuni umid bilan otamga joy topilishi uchun shifoxonaga borishadi. Barcha shifoxonalarda rad javobi berishmoqda.
«Bizga hech kim yordam bermaydi»
Uxanda ko`p joylarda engil zararlangan yoki kasallik inkubasiya bosqichida bo`lganlar karantinga joylashtirilmoqda.
Karantin punktlari faqat asosiy sharoitlarni qilib beradi, bunday joylarga otam kabi og`ir kasallarni qabul qilishmaydi, undaylar uchun shunchaki joy yo`q.
Amakim shunday karantin punktlaridan birida vafot etdi, u erda og`ir kasallarga sifatli tibbiy yordam ko`rsatish imkoni yo`q edi. Men juda umid qilamanki, otamni shifoxonaga olishadi, ammo hozir bizga hech kim yordam ko`rsatmayapti, hech kim biz bilan bog`lanmayapti.
Men bir necha bor ijtimoiy xizmatlarga murojaat qildim, ammo har safar menga otamni shifoxonaga joylash uchun zig`ircha ham imkoniyat yo`qligini aytishdi.
Otam va amakimni karantin punktiga yo`llashgandi. Avvaliga biz buni xuddi shifoxona kabi bo`ladi deb o`ylagandik, ammo bu shunchaki alohida turar joy ekan.
U erda shifokorlar, hatto hamshira ham yo`q edi, xonalar ham isitilmagandi. Ular tushda borishgandi, ammo faqat kechga borib ovqatlantirishgan, sovigan zakuskalar bilan. Amakim borishidan avval og`ir kasal edi, ko`p o`tmay hushidan ketib qola boshladi.
Shifokorlar uni bir marta ham ko`rib qo`yishmadi. Uni otam bilan turli xonalarga joylashtirishgandi. Dadam soat 6:30da uni ko`rgani borgan, ammo bu vaqtda amakim olamdan o`tgan ekan.
«Karantinda o`lgandan ko`ra uyda o`lgan afzal»
Hozir yangi gospitallar qurishmoqda, ammo ular shifoxonalarga olib borilgan va u erga sig`may qolganlar uchun, biz kabilar uchun emas.
Agar rasmiylarning ko`rsatmalariga rioya qiladigan bo`lsak, karantin punktlaridan biriga borishimiz kerak bo`ladi. Ammo bunday qiladigan bo`lsak, otam bilan ham xuddi amakim bilan bo`lgan voqea takrorlanadi.
Karantinda o`lgandan ko`ra uyda o`lgan afzalroq.
«Zararlanganlar juda ko`p»
Bizniki kabi oilalar juda ko`p va ularning barchasi bizniki kabi muammolar bilan to`qnashmoqda.
Mening dugonamning otasini karantin punktiga kiritishmadi, chunki uning harorati juda yuqori bo`lgan.
Shaharda resurslar etishmayapti, zararlanganlar esa juda ko`p. Juda qo`rqinchli, biz ertaga nima bo`lishini bilmaymiz.
Agar 23 yanvar kuni shaharni o`rab olishlarini bilganimda men butun oilamni bu erdan olib ketgan bo`lardim, chunki bu erda hech qanday yordam yo`q.
Agar biz boshqa joyda bo`lganimizda hech bo`lmasa umidimiz bo`lardi. Men rasmiylarning ko`rsatmalariga rioya qilib shaharda qolib to`g`ri qilganman deya olmayman.
Amakimning vafoti - bu savol uchun javobdir.
Koronavirus raqamlarda
Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining (JSST) 6 fevral kungi ma`lumotlarga ko`ra, yangi 2019-nCoV koronavirusi yangi davlatga tarqalishi holati qayd etilmagan.
JSST butun dunyo bo`ylab virusdan zararlanganlarning jami soni 28 018 nafarga etganini (so`nggi bir kunda 3702 nafarga o`sish) ma`lum qilgan.






