AsosiyJamiyat

Sirdaryoda korrupsiyaga qarshi kurash davom etmoqda

'Sirdaryoda korrupsiyaga qarshi kurash davom etmoqda'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha Sirdaryo viloyat hududiy idoralararo komissiyasining navbatdagi yig`ilishi Xovos shaharchasidagi “Temir yo`lchilar saroyi”da o`tkazildi.

        O`tgan yilda sodir etilgan 17 ta korrupsion jinoyatlar bo`yicha korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha viloyat idoralararo komissiyasining yig`ilishlari o`tkazib, ushbu korrupsion jinoyatlarni kelib chiqish sabablari, bunga imkon bergan shart-sharoitlar muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan hamda ommaviy axborot vositalarida yoritib borilishi ta`minlangan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 01.02.2019 yildagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 5647-sonli Farmoni bilan O`zbekiston avtomobil transporti agentligi negizida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashkil etilib, sohani rivojlantirishga alohida e`tibor berildi.

Lekin, shunga qaramasdan “O`zbekiston Temir yo`llari” AJga qarashli Xovos tumani signalizasiyalash va aloqa masofasi korxonasi ayrim xodimlari tomonidan yuqorida ko`rsatilgan ishonch, e`tibor va imkoniyatlardan o`zlarining manfaatlari yo`lida qasddan foydalanib, faoliyatlari davomida qo`pol hato va kamchiliklarga yo`l qo`yilayotganligini hamda turli toifadagi jinoyatlarni sodir etib kelayotganligi kuzatilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda fuqaro A.ning arizasiga asosan joriy yilning 31 yanvar kuni o`tkazilgan tezkor tadbirda, “O`zbekiston Temir yo`llari” AJga qarashli Xovos tumani signalizasiyalash va aloqa masofasi korxonasi mashinisti Sh. firibgarlik yo`li bilan o`zining tanishlari orqali fuqaro A.ni  “O`zbekiston Temir yo`llari” AJ tizimiga ishga kiritib qo`yish evaziga 1100 AQSh dollari talab qilib, 1100 AQSh dollarni Xovos tumani hokimligi ma`muriy binosi yonida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so`ng Sh.ning arizasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilganda, “O`zbekiston Temir yo`llari” AJning “O`zbekiston” lokomotiv deposi qo`riqlash bo`limi boshlig`i o`rinbosari X. firibgarlik yo`li bilan o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida bir guruh bo`lib, oldindan til biriktirib, pora berishga dalolat qilib, Sh.dan fuqaro A.ni “O`zbekiston Temir yo`llari” AJ tizimiga ishga kiritib qo`yish evaziga kimyoviy ishlov berilgan 1100 AQSh dollarini Toshkent shahar “Chilonzor” metro bekati yonidagi avtoturargohda olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

        Mazkur holat yuzasidan nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi tizimida korrupsion jinoyatlar sodir etilishi hamon davom etmoqda.

Xususan, Departamentining Sirdaryo viloyat boshqarmasi va Xovos tuman bo`limi xodimlari tomonidan J.ning arizasiga asosan joriy yilning 03 fevral kuni o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh. o`zining tanishlari orqali J.ni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Sirdaryo viloyat filialiga tez tibbiy yordam feldsherlik lavozimiga ishga joylashtirish evaziga undan 600 AQSh dollari pullarni talab qilib olayotgan paytda ushlangan.

Bundan tashqari, shu kuni fuqaro X.ning arizasiga asosan Departamentining Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi shifokori I. fuqaro X.ni Mirzaobod tuman davlat sanitariya epidamoligiya nazorati markaziga ishga kiritib qo`yish evaziga undan 500 AQSh dollari pullarni talab qilib olayotgan paytda ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yig`ilish yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan komissiya a`zolari hisoblangan tashkilotlarga qo`yilgan vazifalar va berilgan topshiriqlar ijrosi lozim darajada ta`minlanmayotganligi, xodimlar bilan samarali profilaktik tadbirlar olib borilmayotganligi, joylarda targ`ibot tadbirlari talab darajasida amalga oshirilmayotganligi qayd etilib, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish borasida tegishli qaror qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar