Joriy yilning 3 fevral kuni Novosibirsk-Tyumen aviareysida uchgan Xitoy fuqarosida koronavirus aniqlangan, natijada Nur-Sultan-Novosibirsk-Tyumen reysining barcha yo`lovchilari (ularning orasida O`zbekiston fuqarolari ham bor) kasalxonalarga joylashtirilgan. Bu haqda sal avval xabar bergan edik.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi mutaxassislari aviareysda parvoz qilgan 3 nafar O`zbekiston fuqarosi bilan bog`landi. Aniqlanishicha, ular Qozog`iston orqali avtobusda Rossiyaga etib olmoqchi bo`lgan. Biroq Qozog`istondagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli Nur-Sultan shahrida aviaparvoz xizmatidan foydalangan. Nur-Sulton shahridan Tyumenga uchgan samolyot yo`lovchilari qatoriga Novosibirsk shahrida Xitoy fuqarosi qo`shiladi. Oradan 3 kun o`tib, uning koronavirusga chalingani aniqlanadi. Shundan so`ng Rossiya hukumati mazkur virusning tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida Nur-Sultan-Novosibirsk-Tyumen aviareysida parvoz qilgan barcha yo`lovchilar bilan bog`lanib, ularni tibbiy tekshiruvdan o`tkazishga kirishadi.
Hozirda Nur-Sultan-Novosibirsk-Tyumen aviareysida parvoz qilgan barcha yo`lovchilar qatori o`zbekistonliklar ham tibbiy tekshiruvdan o`tkazilgan. Tahlillar o`zbekistonliklarning birida koronavirus uchramaganini tasdiqladi, qolgan 2 nafar fuqaro esa tahlil natijalarini kutmoqda. Biroq ularning hech birida koronavirus belgilari (yo`tal, tana haroratining ko`tarilishi, qusish, diareya, o`pka etishmovchiligi) kuzatilmagan.






