1

O`qituvchilarga muddatli to`lovga texnika sotib olish imkoniyatini beruvchi pilot loyihaga start berildi

Jamiyat 07.02.2020, 10:03
O`qituvchilarga muddatli to`lovga texnika sotib olish imkoniyatini beruvchi pilot loyihaga start berildi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va alifshop.uz o`qituvchilarga imtiyozli shartlar asosida muddatli to`lovga elektron uskunalar, jumladan planshet va noutbuklarni sotib olishga imkoniyat beruvchi pilot loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihaning birinchi bosqichi barcha mexanizmlarni tekshirib olish uchun Toshkent shahridagi uchta maktabda amalga oshiriladi. Jumladan, pilot loyiha ilk bosqichida poytaxtimizdagi 144-, 217- va 222-maktablarni qamrab oladi.

Yuqorida keltirilgan maktab o`qituvchilari muddatli to`lovga planshet va noutbuklarni sotib olishlari mumkin.

Mamlakatimizda o`qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o`qituvchilarning oyliklari oshirildi. Yangi tashabbus bu yo`nalishda olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomidir.

- Xalq ta`limi vazirligining asosiy vazifalaridan biri o`qituvchi kasbining jamiyatdagi mavqeini oshirishdir. Bu maqsadga erishish uchun davlat va xususiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Biz alifshop.uz ga loyiha bo`yicha hamkorlik hamda o`qituvchilarga imtiyozli shartlarda muddatli to`lovga elektron uskunalar sotib olish imkoniyatini taqdim etganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz, - dedi Xalq ta`limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov.

Shuni ta`kidlab o`tish kerakki, muddatli to`lovga elektron uskunalar sotib olish ixtiyoriydir. 6 fevral kuni alifshop.uz vakillari 144-, 217- va 222-maktab o`qituvchilari bilan uchrashuv  o`tkazib, muddatli to`lovga elektron uskunalar sotib olish shartlari bo`yicha batafsil ma`lumot berdi.

Muddatli to`lovga elektron uskunalar sotish bo`yicha hamma mexanizmlar tekshirib olinganidan keyin tomonlar loyihani Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqa viloyatlaridagi maktablarda kengaytirishi mumkin. Shu bilan birga o`qituvchilar muddatli to`lovga sotib olishi mumkin bo`lgan texnikalar ro`yxati ham kengaytiriladi.

alifshop.uz — muddatli to`lovga mahsulotlarni sotuvchi elektron platformadir. Loyiha asoschilari hamda jamoasi mamlakatimizda ta`lim va inson potensialini rivojlanishiga o`zlarining kamtarona hissasini qo`shish niyatida.

Xalq ta`limi vazirligi o`qituvchilar uchun qo`shimcha qulaylik va xizmatlarni taklif etuvchi boshqa tashkilotlarni ham hamkorlikka chaqiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1