1

Дин ишлари бўйича Қўмита Ўзбекистонда Қуръони каримнинг айрим оят ва сураларни тақиқлаш кераклиги ҳақидаги фикрга жавоб берди

Jamiyat 07.02.2020, 10:25
Дин ишлари бўйича Қўмита Ўзбекистонда Қуръони каримнинг айрим оят ва сураларни тақиқлаш кераклиги ҳақидаги фикрга жавоб берди

So`ngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida dinga oid mavzularda turli chiqishlar ko`payib bormoqda.

Avvalo diniy ta`limot o`ta nozik va hassos bo`lgani tufayli muayyan din nomidan va uning mohiyati haqida faqatgina mutaxassislar munosabat bildirishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Shuni qayd etish lozimki, O`zbekiston fuqarosi (u kim bo`lishidan qat`iy nazar) Konstitusiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.

Yurtimiz hududida diniy manbalar, qadriyatlar, muqaddas tuyg`ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so`z ishlatish, yomon munosabatda bo`lishga hech kimning haqqi yo`q, deb yozadi Din ishlari bo`yicha qo`mitaMatbuot xizmati.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston aholisining 90 foizidan ortig`i Islom diniga e`tiqod qiladi. Yurtimizda mo`min-musulmonlar uchun diniy ahkomlarni ado etish uchun keng imkoniyat yaratilgan. So`ngi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat yurtimiz aholisi, balki butun musulmon dunyosi tomonidan e`tirof etilmoqda.

Taassufki, mo`min-musulmonlarning haq-huquqlariga katta e`tibor berilayotgan bir davrda ularning e`tiqodlariga taalluqli masalalarda keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi, keskin bahs va munozaralarga sabab bo`ladigan fikr-mulohazalarning ifoda etilishi tashvishlanarli hol.

“Feysbuk” ijtimoiy tarmog`idagi “Safar Kattaboev” nomli profil egasi tomonidan O`zbekistonda Qur`oni karimning ayrim oyat va suralarni taqiqlash kerakligi yuzasidan bildirgan qarashlari ommaviy muhokamaga sabab bo`lmoqda.

Qur`oni karim – Alloh taoloning muqaddas kitobi. Undagi sura va oyatlarni insonlar tomonidan ta`qiqlashga urinish, Qur`oni karimga nisbatan bunday fikr aytish mantiqsizlik. Jamiyat mavjud ustuvor g`oyaga qarshi fikrlar tashlash oqibatida, noroziliklar kelib chiqishi, ixtiloflar yuzaga kelishi mumkinligi voqe`likda ma`lumdir. Tarixda esa shunday ishlarning yakuni qanday ayanchli yakun topgani ko`pchilikka ma`lum.

Bugungi O`zbekiston butun dunyoga o`zining haqli ravishda bebaho tarixi va madaniyatini taqdim etar ekan, albatta islom ta`limotiga o`zining beqiyos hissasini qo`shgan alloma ajdodlari va ularning asarlari bilan faxrlanadi. Dunyoni o`ziga jalb etayotgan islom me`morchiligi va san`ati bilan ziyorat turizmini kuchaytirmoqda. So`ngi yillarda aynan islom dini bilan bog`liq bo`lgan diniy-ma`rifiy muassasalar – Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Abul Mu`in Nasafiy ilmiy markazi, Xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan e`tirof etilmoqda. Bularning barchasi xalqimiz tarixini to`g`ri anglatish va e`tiqodini to`g`ri shakllantirishga qaratilgan.

Yana bir muhim jihatni yodda saqlash zarur. Internet tarmoqlaridagi voqea-hodisalarga fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og`ir-bosiq bo`lish lozim. Sof e`tiqodli, keng dunyoqarashli kishi bunday vaziyatda qalb va aql amri bilan ish tutadi. Hissiyot va fitnaga solmoqchi bo`lganlarga imkon berish aqldan emas. Shu o`rinda, muqaddas Qur`oni karimni o`zgarishsiz saqlanishi haqidagi Hijr surasidagi: «Albatta, bu zikrni (ya`ni Qur`onni) Biz o`zimiz nozil qildik va uni O`zimiz saqlaguvchimiz» oyatini eslagan holda, hadisi sharifda aytilganidek “Mo`min kishi oqil, farosatli, ziyrak va hushyor bo`ladi”.

So`zimiz yakunida “Safar Kattaboev” nomli profil egasi va Internet foydalanuvchilarini Islom dinining mo``tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralar keltirib chiqaradigan fikrlarni tarqatishdan saqlanishga qat`iy chaqiramiz.

Zero, O`zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonunida fuqarolarning diniy e`tiqodi bilan bog`liq his-tuyg`ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, amaldagi qonun hujjatlarida millatlararo adovat uyg`otish, axloqiy negizlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatish ifodalangan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun ham javobgarlik belgilanganligini sira unutmaslik kerakligi to`g`risida ogohlantirib o`tamiz.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1