AsosiyJamiyat

Nodir kitoblarni endilikda telefon orqali o`qish mumkin

'Nodir kitoblarni endilikda telefon orqali o`qish mumkin'ning rasmi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tizimidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida nodir va alohida qimmatli nashrlarni ehtiyotlab saqlash, ularni konservasiya va restavrasiya qilishning zamonaviy metodlarini joriy qilish, bosma nashrlar, adabiyot va san`at asarlari, qo`lyozma va grafik hujjatlar, tarixiy xujjatlar va nodir nashrlarning elektron fondini shakllantirish dolzarb vazifalardan etib belgilangan.

Zero, ma`rifiy resurslar zamonaviy sharoitda katta ahamiyat kasb etmoqda. Buni nodir va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslariga  ko`p sonli foydalanuvchilarning murojaatlari ham tasdiqlab turibdi.

Fondning elektron resurslar saqlanishi, to`liqligi va butligini ta`minlash, foydalanuvchilarga o`z vaqtida va sifatli xizmat ko`rsatish, axborot-kutubxona resurslari elektron katalogini hamda yagona elektron axborot-kutubxona fondini shakllantirish masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Xususan, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan «Nodir nashrlar va qo`lyozmalar» ma`lumotlar bazasi dasturi joriy etilgan.

Dasturga nodir nashrlar katalogi va asarning to`liq matni kiritilgan. Shuningdek, alohida foydalanuvchilar (olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar) mazkur dastur yordamida o`zlarini qiziqtirgan mavzular bo`yicha sharhlar, sohaviy maqolalarni  joylashtirish imkoniga ega bo`lishadi.

Bu milliy dasturning afzalligi shundaki, foydalanuvchi internet orqali www.nodir.natlib.uz onlayn tizimida qo`lyozmalar, nodir kitob, albom, gazetalar katalogi hamda to`liq matni bilan tanishadi. Ya`ni, qaerda bo`lishingizdan qat`iy nazar, qo`lingizdagi smartfon orqali ikki-uch asr avval bitilgan manbani bemalol o`qiy olasiz.

Hozirda bazaga 1855 ta kitob, 118 ta qo`lyozma, 22 ta albom, 2670 vaqtli matbuot nashri kiritilgan bo`lib, bu ishlar tizimli davom etib kelmoqda.

Mazkur dastur foydalanuvchiga qisqa vaqtda barcha axborot resurslarini bir makonga umumlashtirish, keng ko`lamli ma`lumotlarni sifatli taqdim etish imkonini beradi. 

    Boshqa yangiliklar