AsosiyJamiyat

2021 yildan shifokorlar ro`yxatdan o`tmasdan ishlay olmasligi mumkin

'2021 yildan shifokorlar ro`yxatdan o`tmasdan ishlay olmasligi mumkin'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasining (ISSMP) yagona elektron ma`lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish bilan O`zbekiston Respublikasi shifokor va provizor (farmasevt)larini ro`yxatga olish tizimini joriy etish bo`yicha qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. Loyihaga muvoyiq O`zbekistonda shifokorlar va provizorlar ro`yxatdan o`tishi uchun Uzhealth CRM (emed.uz) Shifokorlar va provizorlar yagona elektron bazasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Qarorda 2021 yil 1 yanvardan shifokorlar va provizorlarga ISSMPdan ro`yxatga o`tmasdan ishlash taqiqlanishi ko`zda tutilgan. Palata shifokor va provizorlarni ro`yxatdan o`tkazish, ro`yxatdan o`tkazilgan shifokor va provizorlarning yagona elektron bazasini shakllantirish va yuritish, ro`yxatga olishni to`xtatish va bekor qilish vakolatlariga ega bo`ladi.

Bundan tashqari, ISSMP Uzhealth CRM tizimini shakllantirish, yuritish va modernizasiya qilish bo`yicha vakolatli tashkilotga aylanadi.

Palata tender savdolarini o`tkazmasdan turib Online Service Group (OSG) MChJni tizimni ishlab chiqaruvchisi etib belgilashni taklif qilmoqda. Kompaniya veb-saytlar, brendlar, mobil ilovalar va boshqalar bozorida 2013 yildan buyon faoliyat ko`rsatmoqda. Bunga qadar u ISSMP, “O`zekspomarkaz”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, IIV huzuridagi Tergov departamenti va boshqa tashkilotlar saytlarini ishlab chiqqan.

Qaror loyihasida shifokor va provizorlarni ro`yxatga olish, ma`lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartiblarini ham o`z ichiga oladi.

Unga ko`ra, ro`yxatga olish va qayta ro`yxatga olish majburiy jarayon hisoblanib, qaysi shakldagi tibbiyot muassasasida ishlayotganidan qat`i nazar, amaliy tibbiyot va farmasevtika faoliyati bilan shug`ullanayotgan barcha shifokor va provizorlar uchun umumiy va majburiy jarayon hisoblanadi.

Shifokor va provizorlar, shu jumladan chet ellik mutaxassislarni (norezidentlar) ro`yxatga olish yoki qayta ro`yxatga olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig`im olish taklif qilinmoqda.

Loyiha muhokamasi 19 fevralga qadar davom etadi.

    Boshqa yangiliklar