Ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo`l tumani aholisining uylarni buzilishiga norozilik ko`rsatayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Unda hududda yashovchi odamlar yangi qurgan uylari buzib tashlanayotganini jamoatchilikka ma`lum qilgan. Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o`rganildi va ma`lumotlar “darakchi.uz”ga taqdim etildi.
Unga ko`ra, Yangiyo`l tumani “Qora-tepa” MFY hududidagi G`alaba ko`chasida jami yakka tartibdagi xonadonlar soni 63 tani tashkil etib, ishchi guruh tomonidan o`rganilganda, ushbu xonadonlardan 18 tasi sug`oriladigan er maydonlarida o`zboshimchalik bilan qurilganligi aniqlangan.
Aniqlangan o`z boshimchalik bilan qurilgan 18 ta noqonuniy qurilmalar bo`yicha tuman hokimligi tomonidan FIB Zangiota tumanlararo sudiga da`vo arizalari kiritilgan bo`lib, shundan, 4 tasiga yani fuqarolar F.Usmanova, O`.Xaydarov, N.Kamalov, S.Chorievalar tomonidan qurilgan noqonuniy qurilmalarni majburiy buzdirish yuzasidan sudning qarorlari chiqib, Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
2020 yil 5 fevral kuni o`zboshimchalik bilan egallab olingan er maydonlari va noqonuniy qurilmalarni aniqlash hamda bartaraf etish bo`yicha tuman mutasaddi tashkilotlaridan tuzilgan ishchi guruh tomonidan yuqoridagi manzilda nazorat tadbiri o`tkazgan hamda ushbu jarayon fuqarolar tomonidan mobil aloqa vositalari orqali videotasvirga olingan.
Bugungi kunda, qolgan 14 ta da`vo arizalar FIB Zangiota tumanlararo sudi tomonidan ko`rib chiqilmoqda.






