AsosiyJamiyat

Rahbarlar ishdan ketdi, xonadonlar tabiiy gazdan uzildi

'Rahbarlar ishdan ketdi, xonadonlar tabiiy gazdan uzildi'ning rasmi

O`zbekiston Milliy axborot agentligiga Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi Ommog`on mahallasi Bog`i bahor ko`chasi, Tutzor mahallasi Taraqqiyot ko`chasidagi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushgan.

Unda ta`kidlanishicha, ushbu ko`chalarda yashovchi fuqarolar bir necha yil ilgari tabiiy gazdan foydalanib kelgan. 2014 yilda shaharni qayta qurish boshlanganda vaqtinchalik tabiiy gaz tarmoqdan uzilib, suyultirilgan gazga o`tkazilgan. Shundan so`ng mahalla aholisi 2018 yilning 1 noyabr kuni Shahrisabz shahar gaz filialiga tabiiy gazni ulab berishni so`rab tashkilot rahbari Yusuf Ergashevga ariza bilan murojaat qilgan. Talab qilingan hujjatlarni topshirgan. Shu bilan birga Shahrisabz shahar hokimiyatiga ham ariza berilgan.

2018 yil 3 dekabrda shahar hokimining farmoyishi bilan shahar gaz filiali xodimlari ushbu mahallalarga xonadonma xonadon kirib, gaz hisoblagichlarni nazoratdan o`tkazgan va eskilari yangisiga almashtirilgan. Ko`chalardagi eski quvurlar aholining o`z mablag`i hisobiga yangilangan. 2019 yilning 7 fevral kuni mazkur ko`chalardagi xonadonlar tabiiy gaz tarmog`iga ulangan. Yoqilgan gaz uchun to`lovlar aholi tomonidan ortig`i bilan to`lab kelingan.

Ammo 2019 yilning 1 aprel kuni hech kimni ogohlantirmasdan tarmoqdan uzib tashlangan. Aholining ushbu holat sababini so`rab shahar gaz filialiga qilgan murojaatiga oldingi rahbar Yusuf Ergashev ishdan olingani vaj qilib ko`rsatilgan. Tayinlangan yangi rahbar Xondamir Homidov “men bilmayman, o`rganib chiqishim kerak”, deya javob bergan.

Shu-shu aholi idorama-idora sarson, ovora. Murojaat qilmagan tashkilot qolmagan. Lekin hamon hech qanday o`zgarish yo`q.

Xo`sh, nega bu tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda? Aslida suyultirilgan gazga o`tkazilgan hududni shahar gaz idorasining oldingi rahbarlari nega tabiiy gazga ulagan? Ular ishdan olingach nega yana uzib tashlangan?  Shu kabi bir-biridan tushunarsiz savollar bilan yuqorida keltirilgan mahallaga bordik. U erga shahar gaz idorasi vakillarini ham chaqirtirib aholi bilan yuzma-yuz muloqot o`tkazildi. Aholi arizada keltirilgan mulohazalarni yana takrorladi.

– Ommag`on mahallasi fuqarolarining tabiiy gaz tarmog`iga ulanishi bo`yicha qilgan murojaatlari soha mutaxassislari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda bir necha bor o`rganilgan, – deydi Shahrisabz shahargaz filiali boshlig`i G`anisher Tariqulov. – Jumladan, 2019 yil 7 dekabr kuni “Hududgaz Qashqadaryo” mas`uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori o`rinbosari F.Nazarov boshchiligida Ommag`on MFY fuqarolari bilan birgalikda yig`ilish o`tkazib, aholi xonadonlari gaz ta`minoti avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimida L-gaz dasturi bazasida shakllantirilganligi, tabiiy gaz resursi tanqisligi va birinchi navbatda Shahrisabz shahrida joylashgan ko`p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob`ektlarini tabiiy gaz ta`minoti bilan bir maromda ta`minlash maqsadida Ommag`on MFY Bog`ibahor ko`chasi va Tutzor MFY Taraqqiyot ko`chasida yashovchi aholi xonadonlarini suyultirilgan gaz bilan ta`minlash tushuntirib o`tilgan va suyultirilgan gaz bilan Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida ta`minlab kelinmoqda.

Bundan chiqdi shaharda tabiiy gaz etkazib berish bo`yicha taqsimlangan resurs shahardagi ko`p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob`ektlaridan ortib, chekka mahallalarga etmaydi. Shu maqsadda 2014 yilda mahalla tabiiy gazdan uzilib, suyultirilgan gazga o`tkazilgan. Lekin nega yana 2019 yilda qayta ulangan. Eng qizig`i, ushbu masala bo`yicha o`sha paytdagi shahar hokimi Ismat Nusurovning 2018 yil 3 dekabrda “Shahrisabz shahar “Ommag`on” MFY hamda “Tutzor” MFYlarida yashovchi aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan ta`minlash” to`g`risidagi 192-F-sonli farmoyishi qabul qilingan. Farmoyishga Prezidentimizning 2017 yil 22 iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017-2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori hamda Shahrisabz tumanlararo gaz uchastkasi boshlig`ining xati asos qilib olingan.

Bugun yuzaga kelayotgan barcha chalkashlik mana shu hujjatlarning uzoqni o`ylamasdan qabul qilingani uchun kelib chiqmoqda. Shahar hokimi va shahar gaz idorasining rahbarlari almashgandan so`ng esa farmoyish va ushbu mahallalarning tabiiy gazga ulangani ham noto`g`ri qilingani ko`rinib qolmoqda. Bu anglashilmovchilik oqibatida yuqoridagi mahallalar aholisi o`z hisobidan truba quvurlar tortib, gaz hisoblagichlar o`rnatib va yana kim bilsin “qanaqa” xarajatlar qilib, bor yo`g`i ikki oygina tabiiy gaz yoqqan. Xullas aholi boplab aldangan. Gaz idoralarining taqdim etgan ma`lumotlariga ko`ra, aslida o`sha paytda ham aholini tabiiy gazga o`tkazishning imkoni bo`lmagan. Endi o`sha paytdagi rahbarlar yo`q. Berilgan va`dalar ham yo`q.

Ammo masalaning yana bir jihati borki, Ommag`on hamda Tutzor mahalla fuqarolar yig`inlarida yashovchi aholi xonadonlarini tabiiy gazdan uzish uchun noo`rin bo`lsada, qabul qilingan sobiq shahar hokimining farmoyishi bekor qilinishi kerakmasmi? Viloyat yoki shahar gaz idoralarining shahar hokimi farmoyishini bekor qilishga yoki farmoyish bekor qilinmasdan gazni uzib tashlashga vakolatlari bormikan?

Umuman olganda javobini kutayotgan savollar ko`p. Yurtimizda qonun ustuvorligi ta`minlangan. “Unday qilish kerak”, “bunday qilish kerak”, degan havoyi gaplar bilan biror natijaga erishib bo`lmaydi. Har qanday masalaning ham qonuniy echimi bo`lishi kerak. Shu nuqtai nazardan ushbu muammoga ham tez kunlarda sohaga aloqador tashkilotlar mutasaddilari tomonidan qonuniy echim topiladi. Yo`l qo`yilgan xatolar tuzatiladi. Har holda shunga umid qilamiz.
 

    Boshqa yangiliklar