Oila, oilaviy munosabatlarni asrash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi. Jamiyatning muhim bo`g`ini, kuchli va barqaror davlat negizi — oila institutini har tomonlama qo`llab-quvvatlash mamlakatimizning ijtimoiy yo`naltirilgan siyosatida ustuvor yo`nalishlardan biri ekani bejiz emas. Ma`lumki, mamlakat hayotida yuz beradigan har qanday o`zgarishlar, islohotlarning amaliy ta`siri va ifodasi oilada yaqqol namoyon bo`ladi. Oilalardagi totuvlik, farovonlik, tinchlik, xotirjamlik mahalla, mamlakat osoyishtaligi, hamjihatligini ta`minlaydi. O`z ertasi, taqdiri haqida qayg`uradigan davlat va jamiyat borki, oilalarni muhofaza qilishga, tashkiliy-huquqiy, institusional asoslarni takomillashtirishga alohida e`tibor qaratadi. Bu borada mamlakatimizda keng ko`lamli sa`y-harakatlar amalga oshirilib, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Oilaning mustahkam bo`lishi nafaqat er va xotinga, balki qaynona va qaynotalarga ham bog`liq tomonlari bor. Qaynona-kelin muammosi haqida juda ko`p eshitganmiz, hatto ular sabab oilalarning buzilishiga ham guvoh bo`lganmiz.
Biroq, ayrim hollarda qaynona kelin o`rtasidagi o`zaro kelishmovchiliklar natijasida kelib chiqayotgan janjallar ma`muriy huquqbuzarliklarni ham keltirib chiqarmoqda.
Xususan, A.Alimova (ismi shariflari o`zgartirilgan) 2020 yil 19 yanvar kuni o`zining yashash xonadonida kelini A.Olimova bilan o`zaro kelishmovchiliklar natijasida janjallashib, uni qasddan urib, unga nisbatan engil tan jarohati etkazgan. Ushbu harakatlari bilan huquqbuzar A.Alimova O`zbekiston Respublikasi MJtKning 52-moddasi 2-qismida (qasddan engil tan jarohati etkazish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.
O`zbekiston Respublikasi MJtKning 21-moddasida, sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarlik kam ahamiyatli bo`lgan taqdirda, sud huquqbuzarni ma`muriy javobgarlikdan ozod etib, uni ogohlantirish bilan kifoyalanishi mumkin. Agar ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rib chiquvchi boshqa organ (mansabdor shaxs) sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi haqida xulosaga kelsa, ish huquqbuzarni ma`muriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ushbu Kodeksning 3081-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboriladi, deb belgilangan.
Mazkur ma`muriy ish Quvasoy shahar ma`muriy sudi tomonidan ko`rib chiqilib, A.Alimovaning sodir etgan huquqbuzarlik harakatiga iqror va pushaymonligi, uning shaxsi, oilaviy sharoiti, nafaqadaligi, qandli diabet kassaligiga chalinganligi, ma`muriy javobgarlikka tortilmagani, huquqbuzarlik o`zaro oilaviy kelishmovchilik natijasida kelib chiqqanligi, jabrlanuvchi bilan o`zaro yarashib olgani hamda jabrlanuvchining da`vosi yo`qligi inobatga olinib, sodir etilgan huquqbuzarlik kam ahamiyatli deb hisoblanib, O`zbekiston Respublikasi MJtKning 21-moddasi bilan ma`muriy javobgarlikdan ozod etilib, ma`muriy ish yuritish tugatilib, huquqbuzarni ogohlantirish bilan kifoyalanilgan.
Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, ma`muriy sudlar tomonidan ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda huquqbuzarliklarni kelib chiqish sabablari, sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, huquqbuzarlarning oilaviy sharoitlari, jabrlanuvchilarning da`vosi va taraflarning o`zaro yarashganligiga alohida e`tibor berilmoqda.
Farg`ona viloyat ma`muriy sudlari tomonidan yuqoridagi kabi holatlar inobatga olingan holda 2019 yilda huquqbuzarlik sodir qilgan 1368 nafar ayol O`zbekiston Respublikasi MJtKning 21-moddasi bilan ma`muriy javobgarlikdan ozod etilgan.
Muzaffarjon Maraximov, Farg`ona viloyat ma`muriy
sudining sudyasi
Maxkamjon Abdubannabov, Quvasoy shahar ma`muriy
sudining raisi






