UniRank agentligi jahon universitetlari va kollejlarining onlayn taniqliligi va aloqalarning onlayn mavjudligi bo`yicha reyting e`lon qildi. Unda yurtimizdagi 85 ta OTM o`rin olgan. Unga ko`ra, O`zbekiston miqyosida 1-o`rinni O`zMU (dunyo miqyosida 3971-o`rin), 2-o`rinni TPTI Nukus filiali (dunyo miqyosida 6365-o`rin) va 3-o`rinni SamDTI (dunyo miqyosida 7834-o`rin) egallagan. Bu haqda Davlat test markazi xabar bermoqda.
Ushbu reyting faqatgina chet ellik talabalar va o`qituvchilarga OTMning boshqa davlatda sayt orqali qanchalik mashhurligini tushunishlariga yordam berish uchun mo`ljallangan.
Ta`kidlash joizki, ushbu tashkilot reytingining boshqa nufuzli agentliklar reytingidan farqli tomoni OTMlarning ta`lim sifati, akademik xizmatlari, o`quv va ilmiy faoliyat asosiy mezonlar sifatida qabul qilinmagan.
Ma`lumki dunyo universitetlarining reytingini aniqlash bo`yicha THE (Times Higher Education), QS (Quacquarelli Symonds), ARWU (Academic Ranking of World Universities) kabi nufuzli agentliklar asosiy e`tiborni ilmiy faoliyatga qaratishadi. Ya`ni 72% ilmiy faoliyatga, 16% o`quv jarayoniga va 12% boshqa yo`nalishlarga e`tibor qaratiladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan nufuzli reyting agentliklari uslublarini o`rgangan holda, 23 ta eng muhim indikator tanlab olingan. Ushbu mezonlar asosida 2018-2019 yillarda 57 ta OTM faoliyati tahlil qilinib, natijalar e`lon qilingan edi. 2019-2020 yillardagi natija bo`yicha hozirda o`rganish jarayonlari ketmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikamizdagi kamida 10 ta OTMni xalqaro e`tirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 1000 talik ro`yxatga, shu jumladan O`zMU va SamDUni birinchi 500talik ro`yxatga kiritish belgilangan.






