MUHOKAMALAR MARKAZIDAGI BU MASALAGA DEPUTAT RASUL KUShERBAEV O`Z SAFDOShLARINI BEFARQ BO`LMASLIKKA ChAQIRDI, MAS`ULLARNING MUNOSABATI QANDAY?
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar, saytlar va odamlar orasida “pensiya yoshi erkaklarga 62, ayollarga 58 yosh etib o`zgartirilar ekan...” degan xavotirli munosabatlar “bolalagan”. Aslida-chi? Bu borada mutaxassislardan oydinlik kiritishga harakat qildik.
Yodingizda bo`lsa, 2018 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tomonidan “Davlat pensiya ta`minoti tizimini takomillashtirish konsepsiyasi” loyihasida ishlovchi pensionerlarga ham ish haqi, ham pensiyasini yuz foiz olish, pensiya hisoblanayotganda daromadidan eng kam ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha ko`tarish va pensiya yoshi chegarasini ko`tarish taklifi kiritilgandi. Aniqrog`i, pensiya yoshini erkaklarga 62 yosh va ayollarga 58 yosh etib belgilashga va bu ko`rsatkichga erishish uchun 2022 yildan boshlab har yili 6 oyga oshirib borishni taklif qilgan. 2028 yilgacha esa mazkur taklif to`liq amalda ifodasini topishi mumkinligi ma`lum qilingandi. Ushbu belgilangan yoshda ayollar 20 yil ish staji, erkaklar 25 yil ish stajiga ega bo`lganda pensiyaga chiqishi ko`zda tutilgan. Agar, mabodo talab qilingan stajga yana qo`shimcha 10 yil ishlagan bo`lsa, ya`ni ayollar 30 yil, erkaklar 35 yil stajga ega bo`lsa, ular amaldagi kabi 55-60 yoshida ham pensiyaga chiqishlari mumkin, degan taklif ham yo`q emasdi. Biroq Prezidentimiz tomonidan mazkur takliflardan ishlayotgan pensionerlarning barchasi 100 foiz pensiya olishi va pensiya hisoblanayotganda daromadidan eng kam ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha ko`tarish taklifidan farqli o`laroq pensiya yoshining oshirilishi ma`qullanmagan edi.
Tarqalayotgan xabarlarga ko`ra esa aynan davlat rahbari tomonidan ma`qullanmagan pensiya yoshini oshirish taklifi yana ilgari surilmoqda. Boz ustiga, tarqatilgan ma`lumotlarda shu yilning aprel oyiga qadar e`lon qilinishi kutilayotgan O`zbekiston davlat pensiya tizimini rivojlantirish va yangilash bo`yicha konsepsiya loyihasida yana taqdim etilayotgan mazkur taklif birdan barchaga tatbiq etilmasligi haqida ham munosabatlar bildirilgan...
“PENSIYa YoShINING UZAYTIRILIShI YuZ MINGLAB IShSIZ YoShLAR "ARMIYaSI"NI PAYDO QILADI”
Pensiya yoshi o`zgarishi haqidagi gap-so`zlar “bolalagan” bir vaqtda deputat Rasul KUShERBAEV mazkur masalaga befarq bo`lmadi. Deputat telegramdagi shaxsiy sahifasida bu mavzuga o`z munosabatini bildirdi...
— Ishsizlik yoshlarning sinishiga va o`zi istamagan boshqa yo`lni tanlashiga sabab bo`ladi. Alam qiladigani esa uning bu ahvolga tushishiga ish joyi tayin, umrini yaxshi yashab o`tkazayotgan “qariyalar” zamin yaratib bersa. Bundan battari bo`lmasa kerak.
Pensiya jamg`armasi mas`ullarining “innovasion” hisob-kitoblari asosida ishlab chiqayotgan konsepsiyasi doirasida pensiya yoshini oshirish bo`yi cha ommaga singdira yotgan g`oyasini ko`rib odam shunday xulosaga kelyapti: yoshini yashab bo`lgan qariya lar yoshlarni ishsiz qoldirmoqchi!
Amalda hozir er kaklar uchun pensiya yoshi 60, ayollar uchun 55 yoshni tashkil etadi. Endi buni erkaklarga 62 yosh, ayollarga 58 yosh qilishmoqchi. Agar pensiya yoshini bir yoshga oshirsak, bu o`rtacha bir yilda pensionerlar hisobiga bo`shashi mumkin bo`lgan 200 mingdan 250 mingtagacha ish o`rnining bo`shamasligi va mehnat bozoriga kirib kelgan yoshlarning unga egalik qila olmasligiga sabab bo`larkan. Bir yilda mamlakatimiz mehnat bozoriga o`rtacha 600 ming yoshlar kirib kelayotganini hisobga olsak, ish o`rni bo`shamasligi oqibatida bir necha yilda qancha yuz minglab yoshlardan iborat qo`shimcha ishsizlar “armiyasi” paydo bo`ladi? Ular nima qiladi, omadi kelgani biznesga, omadi kelmagani esa o`zini chetga urishi aniq. Qariyalarni tinmay ishlatishni o`ylayotgan mutaxassislarimiz masalaning bu tomoniga e`tibor bermagan ko`rinadi.
Eng qizig`i, bizning janob Pensiya jamg`armasi mas`ullari berayotgan bayonotlarida ishonchlarining yuqoriligidan, ular allaqachon parlament roziligisiz ham pensiya yoshini oshirish masalasini hal etib qo`yish gan ko`rinadi. Ular Konstitusiya va qonunlarga muvofiq, qonunlarni, shu jumladan pensiya yoshini o`zgartirishni qabul qilish vakolati parlamentda ekanligini yo bilishmaydi yo pisand qilmoqchi emasdek. Aslida bu ularning taklifi xolos-ku. Parlament buni qabul qilmasligi mumkin. Hech bo`lmasa “biz pensiya yoshini o`zgartirishni taklif qilyapmiz”, desa ham mayli edi. Har qalay yakuniy qarorni qabul qilish xalqning oliy vakillik organi bo`lgan parlamentning ishi ekanligini anglatardi. Biroq davlat rahbari darajasida hukumatning parlament oldidagi hisobdorligini oshirish, parlamentni "xalq uyi"ga aylantirish vazifasi qo`yilgan bir vaqtda bunday bayonotlar hali ham kuchning bir vektorda yig`ilib qolganidan havolanib yurgan Pensiya jamg`armasi kabilarning parlament, xalq bilan hisoblashishga xohishi yo`qligini ko`rsatmoqda.
Biroq shuni unutmangki, toki qishloqlarda pensiya yoshiga etib borishini kutayotgan qariyalar, ishga joylashishni orzu qilayotgan yuz minglab yoshlarning roziligi olinmaguncha, ko`rishga ko`z otishga o`qingiz yo`q deputatlarning tasdig`idan o`tmaguncha pensiya yoshini o`zgartirishni borib suvga ayting. Siz qariyalar va yoshlarni o`ylamasangiz, biz o`ylaymiz. Chunki ular bizga ishongan, bizga ovoz bergan.
So`zim so`ngida pensionerlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilishni dasturlariga kiritib, va`da bergan partiyalar vakillariga ham masalaga befarq bo`lmasliklarini so`rardim.
BU QANChALIK ROST?
Mazkur savolga javob olish maqsadida Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining ijro etuvchi apparati bo`lim boshlig`i o`rinbosari Farrux SULAYMONOVga murojaat qildik...
Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 21 noyabrda aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilishda tizim bilan bog`liq muammolar saqlanib qolinganligi ham aytib o`tilgandi. Shu bois Moliya vazirligi Jahon banki va nufuzli moliya tashkilotlari ekspertlari bilan hamkorlikda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Yuqoridagi topshiriqlar ijrosini ta`minlash maqsadida Pensiya jamg`armasi tomonidan mamlakatimiz pensiya ta`minoti tizimi to`liq tahlil qilinmoqda, chet el tajribalari o`rganib chiqilmoqda. Bunda Pensiya jamg`armasiga vazirlik va idoralarning tajribali mutaxassislari ko`mak berib kelmoqdalar.
Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5614-son Farmoniga asosan, Davlat pensiya tizimini isloh qilish Konsepsiyasi ishlab chiqilishi belgilangan. Shuningdek, “Islohotlar yo`l xaritasi”ni ijro etish davomida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini idoraviy ko`lamda va keng jamoatchilik ishtirokida har tomonlama muhokama qilinishini ta`minlash belgilangan.
Muhokamaga qo`yilishi rejalashtirilgan mazkur Konsepsiyada nazarda tutilgan takliflar haqida hozirdan biror ma`lumot aytish maqsadga muvofiq emas. Ammo ta`kidlash kerakki, mazkur Konsepsiyada ilgari surilgan takliflar muhokamasida fuqarolar va jamoatchilik bevosita ishtirok etishi va o`z taklif hamda e`tirozlarini bildirishlari mumkin. Barcha taklif va mulohazalar ko`rib chiqiladi hamda tegishli tartibda hisob-kitoblar va tahlillar qilinadi.
Konstitusiyamizning 78-moddasiga asosan, O`zbekiston Respublikasining qonunlarini qabul qilish, ularga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlariga kiradi. Yaqinda bo`lib o`tgan saylovlarda biz o`z vakillarimizni (deputat va senatorlar) sayladik. Ular qonun loyihalarini ko`rishda saylovchilarning manfaatlarini ko`zlaydilar.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan Konsepsiya yoki Qonun loyihasi xalq muhokamasiga qo`yiladi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma`qullanib, Prezidentimiz tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda e`lon qilingachgina yuridik kuchga ega bo`ladi.
MA`LUMOT UChUN
Pensiyalar “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi amaldagi qonunga rioya qilgan holda tayinlanadi va to`lanadi. Mazkur Qonunning 7-moddasiga asosan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to`lganda va ish staji 20 yil bo`lganda ega bo`ladi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi






