AsosiyDunyo

Koronavirus sabab Mobile World Congress ko`rgazmasi o`tkazilmaydigan bo`ldi

'Koronavirus sabab Mobile World Congress ko`rgazmasi o`tkazilmaydigan bo`ldi'ning rasmi

Texnologiyalar olamining eng yirik tadbiri – Mobile World Congress ko`rgazma-konferensiyasi bu yil o`tkazilmaydigan bo`ldi. GSMA tashkilotining rasmiy xabariga ko`ra, bu bir qancha mamlakatlarda tarqalib ulgurgan koronavirus bilan bog`liq.

Tadbir tashkilotchilari bir qator ehtiyotkorlik choralarini rejalashtirishgan edi: Xitoyning koronavirus tarqalishi boshlangan Xubey provinsiyasidan tashrif buyuruvchilarni ko`rgazmaga qat`iyan kiritmaslik, Xitoydan kelganlariga esa tadbir boshlanishidan kamida ikki hafta oldin mamlakatdan tashqarida bo`lganliklarini isbotlash talabi qo`yilishi, har bir ma`ruzachining chiqishidan oldin mikrofonni almashtirish... Shunga qaramasdan, kongress rahbariyati baribir misli ko`rilmagan chora qo`llashga majbur bo`ldi va Mobile World Congress 2020 tadbirini bekor qildi.

Matbuotga bergan bayonotida GSMA bosh direktori Jon Xoffman ta`kidlashicha, koronavirus tarqalishi tadbirning o`tkazilishini «imkonsiz» qilgan. MWC 2020 marosimi Barselonada, 24-27 fevralgacha o`tkazilishi hamda unda ko`plab kompaniyalar o`zlarining yangi ishlanmalarini namoyish etishlari rejalashtirilgan edi.

Kuni kecha, Sony kompaniyasidan o`rnak olib Amazon, LG Electronics, Ericsson va Nvidia, shuningdek Yaponiyaning eng yirik NTT Docomo uyali aloqa operatori MWC tadbirida ishtirok etishdan bosh tortishgan edi.

Eslatib o`tamiz, Mobile World Congress – texnologiyalar sohasining eng yirik tadbiri bo`lib, o`tgan yili unga yuz ming nafardan ortiq mehmon tashrif buyurgan, ko`rgazma ishtirokchilari soni esa 2400 nafardan oshiq edi.

Boshqa yangiliklar