TIV 11-12 fevral kunlari Qozog`iston Respublikasi hududida avtobus buzilib qolishi natijasida yo`lda qolib ketgan O`zbekiston fuqarolari haqida ma`lumot berdi.
Mamlakatimizning Aqtau shahridagi (Qozog`iston) Bosh konsulxonasi 2020-yil 11-fevral kuni Samara-Chimkent yo`nalishi bo`ylab harakatlanayotgan va yo`lovchlari orasida 20 nafar O`zbekiston fuqarosi bo`lgan avtobus Aqtobe viloyati hududida buzilib qolganini ma`lum qildi. Nosozlikka sovuq ob-havoda avtobus yonilg`isining muzlab qolgani sabab bo`lgan.
Shuningdek, mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasi 12-fevral kuni Qizil-O`rda – Pavlodar trassasida, Pavlodar viloyati hududida ichida 19 nafar yo`lovchi – O`zbekiston fuqarolari bo`lgan mikroavtobus nosozlik tufayli to`xtab qolgani to`g`risida OAVda tarqalgan ma`lumotni tasdiqladi.
Ikkala vaziyatda ham hech kim jabrlanmagan, tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmagan. Qozog`istonning yo`l polisiyasi va favqulodda vaziyatlar bo`yicha organlari xodimlarining tezkor yordami bilan transport vositalari ta`mirlangan va yo`nalishini davom ettirgan.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O`zbekiston fuqarolari e`tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishgi vaqtda Qozog`istonga kirishda yoki uning hududidan o`tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko`rish zarurligiga qaratadi.
Qozog`iston hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga o`tayotgan yurtdoshlarimiz, zarur hollarda mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tamiz, deyiladi TIV xabarida.






