Xabaringiz bor, kecha, 13 fevral kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi Bo`rijar kanalida ayol kishining jasadi topilgan edi. Ayni paytda ushbu ayolning shaxsiga aniqlik kiritildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, 13 fevral kuni Chilonzor tumani IIO FMB Navbatchilik qismiga tushgan xabarga ko`ra, «3-Charx Komolon» mahallasi, Baynalmilal ko`chasidan oqib o`tuvchi Bo`rijar kanalidan yoshi taxminan 55—60lada bo`lgan, osiyo millatiga mansub ayol kishining jasadi tan jarohatlarisiz topilgan.
Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida jasad Shayxontohur tumani Markaz 13-mavzeda yashagan, 1954 yilda tug`ilgan N.A.ga tegishli ekanligi aniqlangan. Buni uning turmush o`rtog`i A.A. ham tasdiqlagan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, N.A.ning o`limi yuqori nafas yo`llarining suyuqlik bilan berkilishi natijasida mexanik asfiksiyadan kelib chiqqan.
Shuningdek, N.A. 2019 yilning sentyabr oyida Rossiya va Hindistonga borib, onkologik kasallik bo`yicha davolanib kelgani ma`lum bo`lgan. Voqeadan uch kun avval ayolning akasi onkologik kasallikdan vafot etgani va ayol bundan siqilib yurgani aniqlangan.
Hozirda Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan mazkur holat bo`yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, 10 fevral kuni Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor shox ko`chasi yoqasi bo`ylab oqib o`tuvchi Anxor kanalidan yangi tug`ilgan, o`g`il bola jinsiga mansub chaqaloqning tosh bog`lab cho`ktirilgan murdasi topilgan edi.