Farg`ona viloyatida aka-uka hamda amaki va jiyanlar o`rtasidagi janjallar bilan bog`liq ikkita ma`muriy ish yuzasidan sud hukmi o`qildi, deya ma`lum qildi So`x tuman ma`muriy sudining raisi B.Yuldashev.
2019 yil 22 dekabr kuni Farg`ona shahar Baqay ko`chasidagi A.T. shu ko`chada yashovchi amakisi E.T bilan o`rtalarida yuzaga kelgan o`zaro kelishmovchilik natijasida gap talashib janjallashib qolgan. Janjal davomida bir-birlarini qasddan urib, engil tan jarohati etkazishgan. Amaki-jiyanga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 52-moddasi 2-qismi bilan yuritilgan ma`muriy ish So`x tuman ma`muriy sudi tomonidan ko`rib chiqilib, ularning xar ikkalasiga xam qonun doirasida jarima jazosi tayinlandi.
Yana bir holat, So`x tumani, Istiqlol MFYda sodir bo`ldi. Shu hududda yashovchi fuqaro A.A. 2019 yil 19 dekabr kuni soat 15.00 larda o`zining tug`ishgan akasi O.A. bilan oralarida uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan uy-joy nizosi oqibatida janjallashib qoladi. Uka akasini maxalla-ko`y, jamoatchilik oldida uyatli so`zlar bilan xaqoratlab, to`palon ko`tarib, mayda bezorilik harakatlarini sodir etgan. Natijada, aka o`z ukasining noqonuniy harakatlari yuzasidan sudga murojaat qilishga majbur bo`lgan. So`x tuman ma`muriy sudida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 183-moddasi bilan ko`rib chiqilgan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish yuzasidan A.A. ga nisbatan ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.