AsosiyDunyo

Xitoyda koronavirus yuqtirganini yashirganlarga o`lim jazosi tayinlandi

'Xitoyda koronavirus yuqtirganini yashirganlarga o`lim jazosi tayinlandi'ning rasmi

Xitoyda koronavirus bilan kasallangan, biroq xastaligini qasddan yashirgan yoki safarlari tarixini oshkor qilmagan fuqarolarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Bu haqda, Pekindagi o`rta darajadagi Ikkinchi xalq sudi bayonotiga asoslanib, Beijing Daily gazetasi xabar berdi.

Sud vakillarining tushuntirishicha, kasallik belgilari (yo`tal, haroratning ko`tarilishi, charchoq va boshqalar) haqida rasmiylarga yoki shifokorlarga xabar bermagan, so`nggi bir necha hafta davomida Uxanda bo`lganini yoki koronavirus bilan xastalangan bemorlar bilan yaqin muloqot qilganini yashirgan, shuningdek, koronavirus tashxisi qo`yilgan-u, lekin bu haqda ma`lum qilmagan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Ta`kidlanishicha, zotiljamga chalingan, biroq «samarali himoya choralarini ko`rmasdan» jamoat joylariga borgan bemorlar ham jazolanadi. Sud bunday holatlarni infeksiyani qasddan yuqtirishga urinish, deb talqin qilgan; qayd etishlaricha, bunday qilmish uchun fuqaro uch yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Agar koronavirus tashxisi qo`yilgan bemor karantin yoki davolanishdan bosh tortsa, u bu harakati bilan ko`plab odamlar xavfsizligini tahdid ostida qoldiradi. Bunday qilmish uchun ayblanuvchi uch yildan etti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Bordi-yu bemorning xatti-harakatlari jamoat xavfsizligini tahdid ostida qoldirsa, boshqa insonning «jiddiy jarohat olishi yoki o`limi»ga sabab bo`lsa yoxud «davlat yoki xususiy mulkning sezilarli zarar ko`rishiga» olib kelsa, huquqbuzar 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi, umrbod qamoq yoki o`lim bilan jazolanishi mumkin.

Koronavirus o`chog`i hisoblangan Uxan shahri ma`muriyati 14 fevral kuni karantin tartibini yana-da kuchaytirdi. Yangi qoidalarga muvofiq, shahar aholisi uning bir kichik tumanidan ikkinchi kichik tumaniga jiddiy asoslar bo`lgan taqdirdagina o`tishi mumkin bo`ladi. Ushbu cheklov shifokorlar ko`rsatmasiga asosan shaharning boshqa qismiga borishi lozim bo`lgan shaxslarga taalluqli emas.

Boshqa yangiliklar