AsosiyJamiyat

Deputat Oltinsoydagi “snos” mash-mashasi haqida: “Xalq bo`lmasa davlat ham bo`lmaydi”

'Deputat Oltinsoydagi “snos” mash-mashasi haqida: “Xalq bo`lmasa davlat ham bo`lmaydi”'ning rasmi

Xabaringiz bor, 15 fevral, shanba kuni, ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va aholi o`rtasida to`qnashuv sodir bo`lgani haqidagi video tarqaldi.

Shundan so`ng, holat yuzasidan IIVning va Bosh prokuraturaning rasmiy ma`lumotlari berildi. Vaziyat keskin tus olgani sabab Surxondaryo viloyati hokimi ushbu hududga tashrif buyurib, jabrdiyda xalq bilan yuzlashdi. Ushbu voqealarning eng shov-shuvlisi esa Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirovning voqeaga nisbatan munosabati bo`ldi. Aholining harakatlarini qoralagan deputat ularga munosib jazo berilishini talab qilgani keng jamoatchilik tomonidan tanqidlarga sabab bo`ldi. Ayni paytda esa Xalq deputatlari  Arnasoy tuman kengashi deputati, "Adolat" partiyasi vakili Farruh ABDUHAMIDOV ham ushbu hodisa va "snos" masalasiga munosbat bildirdi.

"Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi “snos”lar bilan bog`liq holat oxirgi kunlarda barchaning diqqat markazidagi asosiy muammoga aylandi. Ro`y bergan ushbu holat aslida anchadan buyon qorong`ulikda ro`y berib kelayotgan muammolarning asl holatini yana bir bor ma`lum qildi. Mutasaddi rahbarlar va O`zbekiston boshqaruvidagi kuchli 50 talik ro`yxatda bo`lgan ayrim shaxslarning xalqni qoralashi bugun xalqimiz turmush farovonligi uchun aytilayotgan ayrim va`dalar xalq hayoti uchun emas, uning quloqlariga tinchlik berish uchun aytilyotganday taassurot uyg`otdi. Xullas qisqa qilib “snos”lar bilan bog`liq holatga bir necha fikrlarimni bildiraman.

Birinchidan, Oltinsoydagi holatni respublikamizning 200 dan ortiq barcha hududlarida uchratishimiz mumkin. Ijro hokimiyati vakillari faqat sug`oriladigan joyga hujjatsiz qurilgan bitta holatni bayroq qilib olmasdan boshqa qanchadan qancha vaqtida qornini qappaytirib noqonuniy qaror chiqarib berganlarni qaroriga ishonib uy qurganlarning muammolarini ham adolatli hal qilishi lozim.

Ikkinchidan, oddiy aholi qonunni bilmay sug`oriladigan erda qurilish qilgandir. Nega qonunni bilgan fermer erni sotgan vaqtida bunga ahamiyat qaratmadi? Fermer ham qonunni buzgandir, ammo tuman fermerlar kengashi, tuman hokimi, hokimning qishloq xo`jaligi bo`yicha o`rinbosarlari, mahalla raisi qayoqqa qaradi? Bu uylar bir kunda osmondan tushmagan. Yillar davomida aholi xorijda qora mehnat qilib peshona teri bilan qurib bitkazgan. Bir yilda davlatimiz rahbari butun boshli respublikamiz hududini bir bor aylanib chiqishga vaqt topadi. Nahotki tumandagi mas`ullarda shu uylar bitguncha fermer xo`jaliklarini aylanishga vaqt bo`lmagan?

Uchinchidan, qaysi aql bilan “snos” ishlarni aynan qish faslida boshlashdi? Aholi ko`nganida ham 2 kun berilgan muhlat ichida uy joyini buzib, qaerdan yana uy quradi? Sud qarorisiz aholiga uy-joyini buzish uchun 2 kun muxlat berishga ularga kim huquq bergan? Aynan Xorazm va Farg`onadagi “snos”lar bilan bog`liq vaziyat yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida ham ijro hokimiyati bunday shoshma-shosharligi uchun tanqid qilingandi. “Buzishdan oldin sen o`zingning kallangni buz, mana sizlarning do`stliklaring, qosh qo`yaman deb ko`zni chiqarib butun O`zbekistonni internetda sharmanda qildilaring” deya ta`kidlagandi davlatimiz rahbari. Nahotki shunday tushuntirishlardan keyin ham to`g`ri xulosa chiqarilmasa.

To`rtinchidan, asosiy iddao qishloq xo`jaligi uchun yaroqli bo`lgan joylarda dehqonchilik qilish orqali aholi daromadini oshirish bo`lmoqda. Va`da berib aytamanki, respublikamizning barcha tumanlaridagi sug`oriladigan joylarga qurilgan uy joylar egallab turgan gektarlar minglab gektar joylarning “tangasini” mutasaddilarga berib nomiga bog`dorchilik va chorvachilik ochib olib, tarvuz-qovun ekib, paxta va g`allani dorisini berib yotgan erlarni oldida arzimas maydon.

Beshinchidan, o`zbek xalqi hech qachon, moli va buyumi uchun kimlar uchundir qahramonga aylanishni istagan shaxslar aytayotgandek, chegaradan chiqmaydi. Xalqimizning g`ururiga, nomusiga tegadigan harakat bo`lgani uchungina bunday qarshilik ro`y bergan. Agar mutasaddilar xalqning dardini tinglab, kengashib, kerak bo`lsa viloyat yo respublika darajasida muammoning echimiga erishganda edi, bunday salbiy holat ro`y bermasmidi.

Xulosa o`rnida. Yaqinda Arnasoy tuman kengashi sessiyasida tuman darajasidagi barcha rahbarlarning yillik hisoboti eshitildi. Tuman prokurori o`z hisobotida 2019 yilning o`zida (e`tibor bering bir yilning o`zida) 23 ta ijro hokimiyati tomonidan chiqarilgan qarorlar noqonuniy bo`lganini ta`kidladi. 23 ta noqonuniy qarorlar qanchadan qancha fuqarolarimizni o`z xarajatining havoga uchishiga sabab bo`ldi. Ammo bu qarorni chiqargan tuman hokimlari ijro organi vakillari o`z joylarida o`tirishibdi. Eng achinarlisi, tuman darajasida chiqarilgan har bir qarorning tuman Adliya bo`limi tomonidan qonunlarimiz va konstitusiyamizga zid emasligi ko`rib berilish amaliyotining borligidir.

Shu o`rinda yana bir bor savol tug`iladi. Nega qonunlar va Bosh qomusimiz oddiy xalqqa kelganda amalda, qaysidir mansabdor shaxslarga taqalganda esa ahamiyatsiz. Oltinsoy tumanida ro`y bergan holat barchamiz uchun saboq bo`lishi lozim. Jamiyatda qabul qilingan har qanday qonundan ko`zlangan birdan-bir maqsad bu xalqimiz farovonligi. Agar xalq bo`lmasa, o`sha noqonuniy qaror chiqaruvchi amaldorlar ham, minglab gektar sug`oriladigan erga ega bo`lgan davlat ham bo`lmaydi", — deyilgan deputat munosabatida.

Eslatib o`tamiz,  O`zbekistonning ko`zga ko`ringan, faol blogerlar kanallarida Alisher Qodirovga atalgan munosabatlar ommaviy aks etmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar