Adliya vazirining tegishli buyrug`i bilan Shahnoza Soatova Ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta`minlash masalalari bo`yicha vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Lavozimga tayinlanguniga qadar vazirlikning Huquqiy targ`ibot va ma`rifat boshqarmasi bosh maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan.
Shahnoza Soatova 1977 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, ma`lumoti oliy, 1999 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi – filolog. 2018 yilgi blogerlar chempionatida g`olib bo`lgan.
Ma`lumot uchun: davlat tili masalalari bo`yicha maslahatchi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- vazirlikda ma`naviy-ma`rifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlari hamda dasturlarning ijrosini tashkil etadi;
- ma`naviy-ma`rifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so`zsiz rioya etilishini tanqidiy o`rganadi, bu borada aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralarini ko`radi;
- davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlari talablariga so`zsiz rioya etilishini ta`minlash bo`yicha jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etadi;
- ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tilini rivojlantirishga oid qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
- xodimlarga davlat tilini chuqur o`rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi hamda davlat tilini keng targ`ib qilish va rivojlantirish choralarini ko`radi;
- hududlardagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, lavhalar, e`lonlar, reklama va ko`rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklama to`g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo`lishini ta`minlashda ishtirok etadi;
- davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo`llab-quvvatlash, ilmiy asoslangan yangi so`z va atamalarni iste`molga kiritish, zamonaviy atamalarning o`zbekona muqobillarini yaratish bo`yicha takliflar kiritadi.






