2020 yil 21 fevral kuni internet ijtimoiy tarmog`larda “Tergovchi bosimi ostida ekspert soxta xulosa berdi. Tergovdagi yigit o`z joniga qasd qildi” sarlavhasi ostida maqola e`lon qilingan edi. Holat yuzasidan Qashqadaryo IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Mazkur jinoyat ishi 20.12.2019 yilda Koson tumani IIB huzuridagi TB tergovchisi kapitan B.R.Turaev tomonidan fuqaro Donaev Nasriddin Sayfullaevichning tan shikasti olib shifoxonaga tushganligi holati yuzasidan O`zR JKning 104-moddasi 1-qismi bilan qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi qo`zg`atilishiga: 2019 yil 09 dekabr kuni soat 14-30 larda Koson tumani “Beshqo`ton mahallasida yashovchi Donaev Nasriddin Sayfullaevich, o`zi bilan bir mahallada yashovchi qishloqdoshlari Murodov Mardon Sattarovich, Otamurodov Abduraxmon Rashidovich va Shodmonov Xolmurod Ergashevichlar bilan o`zlari ishlab kelayotgan Po`lati MTPdan ishdan chiqishib, tushlik qilish maqsadida Bo`lmas mahallasida joylashgan choyxonaga borib, ovqatlanib birga spirtli ichimlik iste`mol qilishib, mast holda Otamurodov Abduraxmon Rashidovich bilan o`zaro janjallashib qolishi natijasida, A.R.Otamurodov qasddan tan shikasti etkazish maqsadida qo`lini musht qilgan holda N.S.Donaevning chap ko`ziga bir musht urib tan shikasti etkazgan. Natijada N.S.Donaev tan shikasti olib Viloyat ko`z kasalliklari shifoxonasiga tushganligi asos bo`lgan.
Qashqadaryo viloyati STEBning 20.01.2020 yildagi № 133/4-Xuj.Bar-sonli ekspert xulosasida, N.S.Donaevning, tan jaroxatlari “chap ko`z yuqori qovoq gematomasi, ko`z olmasini og`ir darajali chayqalishi, ko`z olmosini yorilgan ichki qavatlarini tashqariga chiqqan” ko`rinishida mavjud bo`lib, bu tan jaroxatlari og`irlik darajasi bo`yicha sog`liqni umumiy mehnat qobiliyatining salmoqli qismini ya`ni uchdan biridan ko`prog`ini (33 foizidan) turg`un yo`qotilishiga sabab bo`lgan og`ir shikast guruxiga kiritilishi ko`rsatilgan
Jinoyat ishi bo`yicha Donaev Nasriddin Sayfullaevich guvoh tariqasida so`roq qilinib, jabrlanuvchi deb e`tirof etilgan. Donaev Nasriddin Sayfullaevich o`zining ko`rsatuvlarida ya`ni tergovga qadar tekshiruv davomida va tergovda bergan so`roq jarayonida uning ko`ziga aynan qishloqdoshi Otamurodov Abduraxmon Rashidovich qo`li bilan urib tan jarohati etkazganligini ko`rsatgan.
Jinoyat ishi bo`yicha Murodov Mardon Sattorovich, Shodmonov Xolmurot Ergashevich, Fayzullaev G`ulom Toshturdievich va Zokirova Gulsevar Norchaevnalar guvoh tariqasida so`roq qilingan.
Otamurodov Abduraxmon Rashidovich 2020 yilning 10 fevral kuni O`zR JKning 104-moddasi 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, bu haqda unga e`lon qilinib, himoya huquqi bilan ta`minlangan holda gumon qilinuvchi tariqasida so`roq qilingan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






