Ayol — jamiyat gultoji, mehr va muhabbat timsolidir. Dunyoning hech bir joyida o`zbek ayolidek tong otguncha bedor beshik tebratadigan, farzandi uchun tandirda shirin kulchalar yopadigan, bolasining ko`zmunchog`ini ko`ziga suradigan mehribon, kuyunchak ona bo`lmasa kerak.
Binobarin, ayolni e`zozlash, unga oila tayanchi, millat tarbiyachisi sifatida ehtirom ko`rsatish, bunga uzviy ravishda onalik hamda bolalikni muhofaza qilish mustaqillik yillarida davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Ayni yo`nalishda mustahkam tashkiliy-huquqiy asos shakllantirilib, xotin-qizlarning hayotiy manfaatlarini kafolatlash qamrovi tobora kengayib borayotir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi "Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"Farmoni jamiyatimizda ayollarga bo`lgan alohida e`tiborning yana bir yorqin ifodasidir.
Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, intellektual, ishbilarmonlik salohiyatini rivojlantirishga ko`maklashish hamda tashabbuslarini rag`batlantirishga qaratilgan sa`y-harakatlar opa-singillarimizning oila va jamiyatdagi mavqei yuksalib borishiga zamin yaratmoqda.
Har bir qiz turmushga chiqar ekan yangi oila ostonasiga ulkan orzu-umidlar bilan qadam qo`yadi. U misoli bir navnihol. Kelinchakni oilada nafaqat turmush o`rtog`i, balki qaynona va shu oilaning boshqa a`zolari ham do`stona qo`llab-quvvatlashi zarur.
Bizning ayollarimiz og`ir urush yillarida ham o`z o`rnini, o`z hurmatini bilganlarku. Axir yaratgan hech narsaga tenglashtirib bo`lmaydigan sehrni, mehrni ato etgan. Shu sehr farzandga ayol tanasidan dunyoga kelib ko`kragidan oq sut berganida, ona farzandini bag`riga bosganida, beshik quchib, alla aytganida bolaga o`tishi ma`lum. Insonlardagi mehr-muhabbat, adolat va sadoqat, insofu diyonat kabi xislatlar ana shu sehr mevasidir.
Ayol farzandini yaxshi niyatlar ila dunyoga keltiradi. Kelajagi yaxshi bo`lishi uchun elib-yuguradi va albatta undan yaxshilikni kutadi. Lekin u nimaning evaziga...
Ayollar bor farzandi endi tetapoya bo`lishi bilan chet davlatlarga ishlagani ketadi. Nima bo`ladi bolaning kelajagi. Hatto chumchuq bolasini uchirma qilguncha atrofdagi yomon ko`zlardan asrash uchun bor joni-jahdi bilan kurashadi, og`zi bilan to`yintiradi.
Oilada biror kelishmovchilik bo`lsa, albatta, kattalar ham kichiklarning muammolarini tinglashi zarur. Xonadon bekasi bo`lmish ayolni ham dardini ichiga yutmay, so`zlashga imkon yaratish lozim. Shundagina kichik-kichik nizolar katta janjalga aylanib ketmaydi. Birov bilan dardlashmagan odam bora-bora og`ir xastalikka chalinadi yoki hayotdan ko`ngli soviydi. Yigit kishi oila qurgach, u nafaqat turmush o`rtog`i haqida qayg`uradi. Kuyov yigit zimmasidagi yuk ikki barobarga ko`payadi.
Ayol garchi u nozikkina jussaga ega bo`lsada, metin irodasi, daryoday toshqin mehru muhabbati bilan hayotimizni charog`on etib turadi, baxtli kunlarimizda bizdanda ko`proq quvonadi, baxtsiz onlarda esa bizdanda ko`proq kuyunadi.
Balki shuning uchun bo`lsa kerak, bunday paytlarda beixtiyor unga talpinamiz, tayanamiz, go`yo u barcha dardlarga malhamdek. Ha, ayolni bejiz bunchalar ko`p ulug`lamaymiz, asrab-avaylamaymiz. Axir u qalbimiz yupanchi, ishonchli suyanchimiz, beminnat va dono maslahatgo`yimiz, bugun va ertamiz uchun daxldor va mo``tabar zot.
Tadbirkor ayol. Bugun bu so`z o`zbek ayoli uchun begona emas. Uddaburon, tadbirkor, fidoyi ayolgina e`tibor qozona oladi, hayotda yangilik yaratib, atrofdagilarga yordam berishga qodir bo`ladi. Bugun yurtimizda bunday ayollarning safi tobora kengayib bormoqda.
Ayol kishini hamma narsa baxtli qilishi mumkin. Qachonki, u o`z sevimli ishi bilan shug`ullansa, oliy ma`lumot olib, yaxshi insonga turmushga chiqsa, oilasi to`kis bo`lsa, atrofida uni qo`llab-quvvatlaguvchi yaqinlari, hamnafaslari bo`lsa, qo`yingki, orzu-niyatlariga erishsa… Bularning barchasi ayolning baxti.
Tarixda yurt ravnaqi, millat kelajagi uchun fidoyilik qilgan ne-ne ayollar yashab o`tishgan. Ular davlat boshqaruvi bilan birga nafosat, farosat, mehru samimiyat bilan ishonch va hurmat qozonishgan. Eng asosiysi esa, ular oiladagi burch va vazifalarini ham unutishmagan. Ana shu jihatlari bilan sharq ayoli hamisha ustun va qadrli bo`lib kelgan.
E`tirof etish joizki, aynan istiqlol yillarida ayollarning davlat va jamiyat hayotiga integrasiyalashuvi sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi. So`rov natijalariga ko`ra, xotin-qizlarimiz mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining barcha jabhasida munosib faoliyat yuritmoqda. Ular nafaqat -navqiron avlodni tarbiyalash, sog`liqni saqlash sohasida, balki sanoat va qishloq xo`jaligini rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish yo`lida ham salmoqli hissa qo`shib kelmoqda.
Munis va muhtarama ayollarimizni nafaqat bahor bayrami “8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami”da balki boshqa bir qator bayramlarimizda ularga ulkan ehtiromlar ko`rsatilib, turli mukofotlar bilan taqdirlab kelinmoqda.
Xulosa o`rnida shuni ta`kidlash joizki, Ona Vatanga muhabbat tuyg`usi yuragida yolqinlanayotgan ayollar bor ekan, bu zaminda, bu yurtda fidoyi avlodlar ulg`ayaveradi.
Farhodjon Xojaev,
O`zbekiston Respublikasi FVV
Akademiyasi o`qituvchisi, kapitan.