Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida yashovchi Boboqulov Nodirning Prezidentga videomurojaati tarqaldi.
Unda aytilishicha, tadbirkor 15 yildan buyon aholiga transport xizmati ko`rsatadi. Xususan, “Buxoro-Toshkent” yo`nalishida shaharlararo yo`lovchi tashish bilan shug`ullanib kelayotgan tadbirkorlik sub`ekti 2019 yilda Xitoyda ishlab chiqarilgan “Yutong” avtobusini xarid qiladi. Va yo`nalishga kiritgan. Ammo o`tgan yil sentyabr oyidan buyon uning faoliyatiga to`sqinlik qilinayotgani, bunda Buxoro viloyati Transport boshqarmasi boshlig`i Akobir Hotamov hamda boshqa bir turdosh MChJ egasi Anvar Hotamovlarning qo`li borligi aytilgan.
Murojaat egasi uy-joyini garovga qo`yib, davlatdan 1 milliard so`m kredit mablag`i olganini, uning yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanishi uchun sharoit yaratib berishni, qonun doirasida unga amaliy yordam berilishini so`ragan.
Bu murojaat Buxoro viloyat Transport boshqarmasi tomonidan o`rganildi.
Kezi kelganda, yo`lovchi tashish sohasida shaharlararo, viloyatlararo hamda xalqaro yo`nalishlarda tender tanlovlari o`tkazish bilan bog`liq tashkiliy faoliyat faqat Respublika Idoralararo komissiyasining vakolatiga kirishini eslatib o`tish joiz, deyiladi boshqarma bayonotida. Respublika Transport vazirligi bu jarayonda bevosita tender tashkilotchisi hisoblanadi. Viloyat Transport boshqarmasi bu jarayonda ishtirok etishga haq-huquqi yo`q.
Shu nuqtai nazardan, viloyat Transport boshqarmasi boshlig`i Akobir Ashurov tomonidan Nodir Boboqulovning faoliyatiga to`sqinlik qilinishiga hech qanday asos yo`q. Boshqalar sha`ni, jamoadagi obro`-e`tiborini kamsitishga sabab bo`lishi mumkin bo`lgan bunday holatlarga qarshi murosasizlikni bildirish maqsadida ayni kunda masalaga oydinlik kiritish va holatga qonuniy baho berilishini so`rab huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilingan.