MIBning Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Guliston shahar bo`limi tezkor xodimlari tomonidan energiya ressurslaridan foydalanishning qonuniyligi yuzasidan tekshirishlar o`tkazilgan.
Tekshiruvchilar Guliston shahri, Namuna mahalla fuqarolar yig`ini Xalqlar do`stligi ko`chasida joylashgan “K.X.N.” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtomashinalarni yuvish shahobchasida elektr tarmog`iga ulangan elektr hisoblagich ichiga yashirin ravishda ko`z ilg`amas chip moslamasini o`rnatib, elektr ta`minotiga ta`sir etuvchi pult bilan boshqariladigan “yangi inovasion texnologiya"ni fosh etdi.
O`tkazilgan surishtiruv harakatlari davomida, Alchinbek Yukoldiev” o`zi “kashf” etgan pult orqali elektr hisoblagichni to`xtatib qo`yib, elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Bu “ajoyib ixtiro”si tufayli u elektr ta`minoti korxonasiga “bor-yo`g`i” naqd 23 million 74 ming 605 so`m miqdorida zarar etkazgan.
Byuroning Sirdaryo viloyati boshqarmasi surishtiruv va ma`muriy amaliyot shu`basi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish jarayonida aniqlangan zarar to`liq undirilib, “noyob iste`dod” sohibining “ixtiro”si uchun unga nisbatan qonuniy chora ko`riladi.






