Biroz avval sud-ekspertiza mutasaddilarining matbuot anjumanidan endilikda nodavlat sud-ekspertiza markazlari tashkil etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik. Tadbirda ishtirok etgan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi laboratoriya mudirasi Dilobar Ahmedova ekspertiza narxlari va muddati haqida ham ma`lumot berib o`tdi:
Tergov organlari tomonidan tayinlangan ekspertizalar bepul amalga oshirladi. Fuqarolik ishlari bo`yicha tayinlangan va arizalar asosida o`tkazilgan ekspertizalar to`lov asosida o`tkaziladi.
Hozirgi kunda oddiy DNK ekspertizasining (1 dan 5 nafargacha bo`lgan shaxs namunalari tadqiqotlarini o`tkazishda) narxi 2 083 707 so`m, o`rtacha turdagi tadqiqotlar (6 dan 9 nafargacha shaxs namunalari tadqiqotlarini o`tkazishda) 4 021 189 so`m va murakkab tadqiqotlar 6 mln. so`mdan yuqori. Tadqiqotlar narxi taqdim qilinayotgan ob`ektlar soniga va turiga qarab belgilanadi. Ekspertizani taqdim qilish muddatlari esa ularning murakkabligiga qarab 30 kungacha bo`lishi mumkin.
Bundan tashqari kam xarajat talab qiladigan tadqiqot ob`ektlari bor.
- Bular qon va so`lak namunalari hisoblanadi. Bunday tadqiqotlarning oddiy turiga;
- Soch yoki qo`l terisi bilan birga olingan tirnoqlar bo`yicha qilinadigan tadqiqotlar o`rtacha turiga to`g`ri keladi;
- Murakkabi esa suyak namunasini eksgumasiya qilish – bu asosan tergov jarayonlarida qo`llaniladi va deyarli buyurtma asosida o`tkazilmaydi.