Brifingda yana quyidagilar ma`lum qilindi. Bu haqda "Bloger Shahnoza" kanali xabar berdi.
1. Virus yosh bolalarni deyarli zararlamaydi. Asosan yoshi katta, immuniteti past va surunkali kasalligi borlar ehtiyot bo`lishi kerak.
2. Harorat ko`tarilishi, quruq yo`tal bo`lsa, ayniqsa, yaqin kunlarda xorijga chiqib kelgan yoki xorijdan kelganlar bilan muloqotda bo`lganlarda shu belgilar kuzatilsa, uyga shifokor chaqiring (shunda boshqalarni ham himoyalaysiz).
3. Ertadan "qaynoq liniya" ishga tushadi. Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning xabar berishicha, 1003 raqami orqali koronavirus haqida ma`lumot olish mumkin bo`ladi (yana rasman bu haqida e`lon qilinadi).
4. Koronavirus aniqlangan ayol 11 mart kuni Parijdan kelgan. O`zi shifokor bo`lgani uchun, virus belgilarini sezib, kecha tunda virusologiya institutiga murojaat qilgan va tongga yaqin tahlil natijalari chiqqan.(Bu degani hamma o`zida belgi sezsa, Virusologiya instituttga yugurishi kerak degani emas. Institut koronavirusga tekshirib qo`ying, deb kelgan odamlarni qabul qila olmaydi. Oilaviy shifokorga yoki tez yordamga murojaat qilish kerak).
U ayol bilan birga kelgan yana 45 kishining yarmi tranzit bilan boshqa mamlakatlarga uchib ketgan. Qolgan yarmi va ular bilan muloqotda bo`lganlar, jami 150 kishi karantinga olingan.
5. Koronavirus pandemiyasi haqida noto`g`ri, asoslanmagan, turli vahimalarga sabab bo`luvchi xabarlarni tarqatgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.
6. Shuningdek, favqulodda holatdan foydalanib narxlarni sun`iy oshirishga uringanlar ham javobgarlikka tortiladi. Bu masala Bosh prokuratura va Soliq nazoratiga olingan.
7. Jamoatchilik transporti har to`rt soatda dezinfeksiya qilinadi.
8. Viloyatlardan kelib o`qiydigan oliy o`quv yurtlari talabalariga uylariga ketishlari uchun talabalik guvohnomasi ko`rsatilganda davlat transportiga 50 foiz chegirma beriladi. Xususiy transport egalari yo`lkira narxini sun`iy ravishda oshirib vaziyatdan foydalanishni ko`zlasalar, javobgarlik bor.
Prezident Farmoyishi bilan Koronavirusga qarshi kurash komissiyasi tuzilgan, zaxiralar etarli, vahimaga o`rin yo`q, vaziyat nazoratda.