Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi O`zbekistonda qayd etilgan koronavirus infeksiyasi to`g`risida qo`shimcha ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 14 mart kuni Respublika Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga COVID-19 koronavirus infeksiyasiga gumon qilinib 1 nafar bemor yotqizilgan. Bemor 2020 yilning 28 fevral - 11 mart kunlari Fransiyada sayyohatda bo`lgan.
11 mart kuni soat 6:00 da Parij-Toshkent 252-reysi bilan Toshkentga uchib kelgan. Toshkent xalqaro aeroporti sanitariya-karantin punktida termometriya hamda birlamchi tibbiy tekshiruvdan o`tkazilgan va tekshiruv davomida kasallik belgilari aniqlanmagan. Asosiy yashash manziliga aniqlik kiritilib, uy sharoitida 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.
Joriy yilning 13 mart kuni bemor tomog`ida qichishish, tana harorati ko`tarilishi hamda yo`tal belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Bemordan 14 mart kuni koronavirus infeksiyasiga labortoriya tahlili uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga namuna olingan va 15 mart kuni soat 06.00da namuna javoblariga ko`ra koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Samolyotda bemor bilan 48 nafar yo`lovchilar kelgan. Ulardan 24 nafari tranzit yo`lovchilar bo`lib, qolgan 24 nafari O`zbekistonda qolgan. Ushbu fuqarolarning 4 nafari Fransiya, 1 nafar Italiya va 1 nafar Braziliya fuqarolari tashkil qiladi.
O`zbekistonda qolgan 24 nafar fuqarolar asosiy yashash manzili bo`yicha ro`yxatlari shakllantirildi. Ularni 14 kunlik karantin o`tkazishi uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 11 mart kuni faoliyat olib borgan 69 nafar chegara qo`shinlari, bojxona, aeroport xodimlarining ro`yxati shakllantirildi hamda maxsus muassasalarda 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olindi.
Bemorning 10 nafar oila a`zolari to`liq tekshiruvdan o`tkazish uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga joylashtirildi. Bemor istiqomat qiluvchi ko`p qavatli uy va bemor xonadonida dezinfeksiya tadbirlari o`tkazildi. Shu bilan birga, mazkur ko`p qavatli uyda yashovchi 230 nafar fuqarolar ro`yxati shakllantirilib, tibbiy kuzatuvga olindi.