Xabaringiz bor, so`nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) dunyo hamjamiyatiga jiddiy xavf solib kelmoqda. Shu bois O`zbekistonda ham mazkur kasallik tarqalishining oldini olish borasida zarur choralar ko`rilmoqda.
Ammo 15 mart kuni O`zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog`liq ilk holat qayd etildi. Shu bois, bugun O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov boshchiligida O`zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi qanday choralar ko`rilayotgani bo`yicha komissiya yig`ilishi va ommaviy axborot vositalari uchun brifing o`tkazildi.
Yig`ilishda bu borada olib borilayotgan ishlar xususida batafsil ma`lumot berilib, barcha ta`lim muassasalari karantinga olinishi, profilaktik choralar kuchaytirilishi xususida so`z yuritildi. Bu esa mamlakatimizda aholi salomatligini muhofazalash borasida qo`yilgan yana bir muhim qadamdir.
Biroq O`zbekistonda ham koronavirus qayd etilgani xususidagi xabar e`lon qilinganiga ko`p vaqt o`tmagan bo`lsa-da, ayrim yurtdoshlarimiz orasida vahima kuchaymoqda. Shu o`rinda sarosimaga tushib, vahima qilishga asos yo`qligini ta`kidlamoqchimiz. Sababi, mamlakatimizda bu borada barcha zaruriy choralar ko`rilgan, dori vositalarining zaxirasi etarli. Sanitariya-karantin punktlariga qo`shimcha vrachlar, teplovizor va kontaktsiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratilib, faoliyati samaradorligi kuchaytirilgan.
Vahima inson organizmida stress holatini kuchaytirib, natijada immun tizimi buzilishi mumkin. Vaholanki, immuniteti past kishilar virusni yuqtirib olishi ehtimoli kattadir. Shu bois, vahima va sarosimaga berilmasdan sanitariya-gigiena qoidalariga qat`iy rioya qilish zarurligini eslatamiz.
Quyida virusdan himoyalanish bo`yicha Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining quyidagi tavsiyalariga rioya qiling
1. Qo`lingizni tez-tez sovunlab yuving, spirtli antiseptik vositalardan foydalaning. Ayniqsa, jamoat transportidan foydalangandan keyin.
2. Ko`z, og`iz va burningizni ushlashdan tiyiling, qo`l berib salomlashmaslikka harakat qiling.
3. Aksirganda, yo`talganda yuzingizni ro`molcha yoki tirsagingiz bilan to`sing.
4. Odam ko`p to`planadigan joylarga bormaslikka harakat qiling. Shamollash va gripp alomatlari bor odamlarga yaqinlashmang.
5. Isitma – yangi turdagi zotiljamning eng asosiy va birinchi belgilaridan biri. Isitmangiz bo`lsa, uydan chiqmang.
6. Isitma, yo`tal, nafas olish qiyinlashishi kabilar belgilar namoyon bo`lsa, shifokor huzuriga bormang, ammo kechiktirmasdan tibbiy yordamga telefon orqali murojaat qiling. Xonalarni tez-tez shamollatib turing.
7. Koronavirusga oid so`nggi rasmiy xabarlardan boxabar bo`lib turing. Yangiliklarni ishonchli, rasmiy manbalardan olishga e`tibor qarating.
O`ylaymanki, xalqimiz bilan birgalikda izchil harakatlarni amalga oshirib, ushbu sinovdan ham yuzimiz yorug` bo`lib chiqamiz. Ishonchim komilki, biz, senator va deputatlar vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan hamkorlikda, shuningdek har birimiz mamlakatimizda bu borada qabul qilingan chora-tadbirlar o`z vaqtida va samarali tatbiq etilishi uchun bor kuch-g`ayratimizni ayamaymiz. Albatta, bu virusga qarshi kurash o`z natijasini beradi va unga chek qo`yiladi,
Robaxon Maxmudova,
Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni
saqlash masalalari qo`mitasi raisi