O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 mart kuni Qozog`iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat etakchilari bir-birlarini hamda qardosh O`zbekiston va Qozog`iston xalqlarini yaqinlashib kelayotgan bahor, yasharish va yangilanish bayrami – Navro`z bilan samimiy qutladilar.
Ushbu ayyom azaldan o`zaro ishonch, yaxshi qo`shnichilik va sheriklik rishtalari, mushtarak tarix, madaniyat va an`analar bilan chambarchas bog`liq bo`lgan xalqlarimiz ma`naviy-madaniy yaqinliginining ifodasi ekani alohida ta`kidlandi.
Mamlakatlarimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, shuningdek, uning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga hamda ko`p qirrali O`zbekiston-Qozog`iston munosabatlarining bugungi sur`atiga salbiy ta`sirini kamaytirish borasida ko`rilayotgan qat`iy chora-tadbirlar to`liq qo`llab-quvvatlandi.
Hukumatlar darajasida sa`y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Muloqot chog`ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ham ko`rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.