Qarshi shahrida erkak va uning 3 nafar farzandi o‘z uyida isitish tizimidan chiqqan is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning darakchi.uz'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, voqea 17 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Ota 46 yoshda, o‘g‘li 18, ikki qizi 16 va 10 yoshda bo‘lgan.
Ko‘zdan kechirish davomida aniqlangan dastlabki holatga ko‘ra, uyning yerto‘lasida o‘rnatilgan zamonaviy isitish qozonining (“dvux konturniy kotyol”) yongan is gazi chiqishi uchun o‘rnatilgan mo‘rining umumiy havo tortish mo‘risiga (“vityajnaya ventilyatsiya”) ulangan qismidan is gazining sizib chiqayotgani aniqlangan.
Hodisa yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 7 dekabr soat 9:20 lar atrofida Asaka tumani, Uchtosh ko‘chasida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro M.A. va uning 1986 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i M.A.ning jasadi yashash xonadonida qo‘lbola usulda yasalgan isitish pechiga solingan ko‘mir yoqilg‘isidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanish a’lomatlari bilan topilgani haqida xabar berilgandi.