“Yuksalish“ umummilliy harakati Raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxonov karantin qoidalarini kuchaytirishni taklif qildi.deb yozmoqda Sof.uz.
Ma`lum qilinishicha, Jons Xopkins universitetining interfaol xaritasiga ko`ra, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida qariyb 340 ming kishi ushbu kasallikka chalinib ulgurishgan.
“O`zbekistonda birinchi holat 15 mart kuni aniqlandi. 23 mart holatiga ko`ra, ushbu infeksiyani yuqtirganlar soni 46 nafarga etdi. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo`yicha zarur choralar ko`rilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoevning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz fenomenining iqtisodiy sohaga ta`sirini yumshatish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida” gi qarori bilan 10 trln. so`m miqdoridagi mablag` bilan Inqirozga qarshi jamg`arma tashkil etildi va Inqirozga qarshi Respublika komissiyasi tuzildi.
Shuningdek, barcha o`quv muassasalarida karantin joriy etildi, respublika aholisiga zaruriyatsiz uydan chiqmaslik tavsiya etildi, ko`chalar va jamoat joylarida niqob taqib yurish majburiyligi belgilandi, xorijiy davlatlar bilan havo va avtomobil tashishlar cheklandi, chegara o`tkazish punktlari yopildi.
Bunday vaziyatda karantin rejimidan qochishga uringan fuqarolarimizning xatti-harakatlarini tushunish juda qiyin. Ular bu harakatlari bilan nafaqat o`zlarini, balki qarindoshlari va do`stlarini, atrofdagilarni xavf ostiga qo`ymoqdalar“, — deydi yosh deputat.
Karantin choralari kasallikning keskin o`sib ketishining oldini olishga, shuningdek, tibbiy yordamga muhtoj odamlarning sog`liqni saqlash tizimi imkoniyatlaridan to`laqonli foydalana olishlari uchun imkon yaratadi. Karantinga rioya qilmaslik — immuniteti pasaygan, surunkali kasalliklarga chalingan odamlarga “o`lim jazosi“ berilishiga olib keladi. Chunki siz yoki inkubasiya davrida yuqtirgan insonlaringiz sog`liqni saqlash tizimining resurslarini, shifokorlar vaqtini, qutqarish uchun yuborilishi mumkin bo`lgan zarur jihozlarni va vositalarni oladilar.
Xitoyning Uxan shahrida karantinning qat`iy rejimi joriy qilinishi ushbu infeksiyaning yanada tarqalib ketmasligini ta`minlashda samarali echim bo`lganini misol qilgan deputat, O`zbekistonda ushbu kasallikning ko`payishining oldini olish uchun va karantin rejimini kuchaytirishga qaratilgan yana bir qator keskin choralar ko`rishni taklif qildi:
- Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi munosabati bilan favqulodda holat joriy etish (eksperiment tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida);
- Karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan tegishli nazorat olib borishga tayyor armiyaning qisman safarbar etilishi;
- Respublika bo`ylab shahar va tumanlar o`rtasida temir yo`l, havo, avtobus va avtomobil yo`lovchilar tashishni cheklash;
- Viloyatlarda, ayniqsa mamlakatning chekka hududlarida ko`chma (mobil) punktlar va laboratoriyalarni tashkil etish, ularda koronavirusni aniqlash uchun portativ ekspress-testlar o`tkazish;
- COVID-19 uchun sinovlarni tezkor o`tkazish va ushbu test jihozlari importini amalga oshirishda xususiy sektorni davlat tomonidan rag`batlantirish;
- Barcha tashkilotlar va muassasalarda, jamoat joylari (transport, dam olish joylari, savdo markazlari, bozorlar, yoqilg`i quyish shahobchalari, ko`p qavatli binolarga kirish joylari) da bepul dezifenksiyalash ishlarini olib borish;
- Alohida korxona va tashkilotlarni zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga moslashtirish, masalan, shaxsiy himoya vositalari (niqoblar, respirator va boshqalar), antiseptiklar, dorilar va uskunalar (mexanik shamollatish apparatlari);
- Respublika bo`ylab (ayniqsa, chekka hududlarda) tibbiy preparatlar va buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zarur tovarlarga buyurtma beradigan masofaviy xizmatlar ko`rsatish tizimi imkoniyatlarini kengaytirish.