AQSh koronavirusdan o`limlar soni bo`yicha Xitoyni ortda qoldirib, bu borada dunyoda Italiya va Ispaniyadan keyin 3-o`ringa chiqdi. Bundan butun dunyo bo`ylab koronavirusdan jabrlanganlar haqida ma`lumot yig`uvchi Jons Hopkins universiteti ma`lumotlari darak bermoqda, deya yozdi "kun.uz".
Bundan tashqari, AQSh hozirda koronavirusga chalinganlar soni (180 mingdan ko`proq kasallangan) bo`yicha dunyoda 1-o`rinda turibdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, ayni vaqtda AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni 3580 nafarga etgan. Bu raqam kontinental Xitoydagidan 275 taga ko`proqni tashkil qiladi.
AQShda eng og`ir vaziyat Nyu-Yorkda kuzatilmoqda, bu erda oxirgi bir kun ichida koronavirusdan 208 kishi, umumiy hisobda esa 1550 kishi vafot etgan. Shuningdek, bir nechta shtatlarda virusdan 100 dan ko`proq odam vafot etgan: Vashington – 210 nafar, Nyu-Jersi - 198, Luiziana - 185, Michigan - 184, Kaliforniya - 149 va Jorjiya - 108.
Bu orada AQShning koronavirusga qarshi kurashish milliy shtabi a`zosi Antonio Fauchi yuzaga kelgan vaziyatda AQShda virus tarqalishining ikkinchi to`lqini yuz bersa, mamlakatda uni engish uchun yaxshi imkoniyat bo`lishini aytgan. Uning ta`kidlashicha, AQShda bu holatda yaxshiroq qurilmalar va epidemiyaga qarshi yaxshiroq tayyorgarlik bo`ladi. Fauchi, shuningdek, odamlar o`zini alohidalashni afzal ko`rayotganlari sababli vaziyat yaxshilanayotgani alomatlarini ko`rayotganini qo`shimcha qilgan.
Ayni vaqtda koronavirusdan butun dunyoda 41 mingdan ko`proq odam vafot etgan. Eng ko`p o`lim holatlari Italiyada (12428 ta) va Ispaniyada (8269) qayd qilingan. 4-o`rinda Fransiya (3523 ta) va 5-o`rinda Xitoy (3305 ta) turibdi.
Eslatib o`tamiz, ayni paytgacha O`zbekistonda koronavirus bemorlari soni 172 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, 27 mart kuni koronavirus bilan kasallangan namanganlik 72 yoshli ayol vafot etdi.
28 mart kuni esa 1 nafar bemor (erkak)da o`lim holati qayd etildi.
Ayni paytgacha esa 8 nafar bemor butunlay sog`aydi, biroq farg`onalik bemorning ahvoli og`irligicha qolmoqda.