AsosiyShou-biznes
11747

Bugun Charli Chaplin tavallud topgan kun

Bugun mashxur komik kinoaktyor, ssenarist, bastakor va rejissyor Charli Spenser Chaplin tavallud topgan kun. Agar hayot bo`lganida, u dunyoning eng uzoq umr ko`ruvchi kishilari sarasidan joy olib, 126 yoshga kirgan bo`lardi. Biroq afsuski, u 1977 yili 88 yoshida vafot etgan.

Chaplin 1889 yilning 16 aprelda Londonning Ist-leyn ko`chasidagi xonadonlarning birida, asli kelib chiqishi inglizlardan bo`lgan san`atkorlar oilasida dunyoga kelgan.  U kichiklik vaqtida oila Uest-skverga ko`chib o`tishadi. Otasi Charlz Spenser Chaplin va onasi Xanna Chaplinlar estrada aktyorlari bo`lishgan.

Aytish lozimki, Charlidan avval Xanna boshqa millat vakilidan yana bir o`g`il farzandni dunyoga keltirgan. unga Sidni Xill deb ism bergan. Charlz Spenser Chaplinga turmushga chiqqach esa, bu bolakayga ham Chaplin familiyasi berilgan. Charlining otasi o`z ovozi bilan 1880 yillarda omma orasida mashxur bo`lgan. bir necha bor u butun Evropa bo`ylab gastrol safarlarini amalga oshirgan. Biroq mashxurlik ortida u tinimsiz ravishda spirtli ichimliklarni icha boshladi va 1901 yilning 9 may sanasida, navqiron 37 yoshida olamdan o`tadi. Otasining o`limiga qadar Charlining onasi u bilan ajrashadi va ikki o`g`il yolg`iz onaning qaramog`ida katta bo`la boshlaydi.

Otasining o`limidan so`ng onasining ahvoli og`irlashadi. Oradan bir muddat o`tib esa, kekirdak bilan bog`liq kasallikka chalinishi oqibati onasining ovozi yo`qola boradi va oilada moddiy qiyinchiliklar boshlanadi. Oqibatda Sid va Charli onasi bilan birga nochorlar uyi va maktabiga beriladi. Oilaviy qiyinchiliklar tufayli Charles Chaplin juda yosh paytidanoq ishlay boshlaydi. Dastlab ko`chada gazeta sotadi, turli o`yinchoqlar yasaydi, bosmaxonada va ma`lum muddat idishlar ishlab chiqaradigan korxonada yugurdak bo`lib yuradi. Ammo shunga qaramay uning butun hayoli teatrda edi. Shu tariqa kichik-kichik rollarni o`ynay boshlagan Chaplin asta-sekin tanila boshlaydi. Aslida otasi tiriklik vaqtida Charli Chaplin sahnaga ilk bor 1894 yili, 5 yoshida chiqqan. Biroq keyinchalik u o`zini bilim olishga bag`ishlagan.

Charli noiloj holda 12 yoshida maktabni tashlab pul topish uchun ishlashga majbur bo`ladi. Onasining sahnadan ketishi, Charlining sahnaga chiqishiga turtki bo`ladi va u kichik yoshdagi komik aktyor sifatida oilani boqishga etadigan pul topa boshlaydi. Afsuski, uning onasi Xanna sahnaga qayta olmaydi.

1896 yili Xanna Chaplinning onasi Ruhiy kasallikka chalinadi va ruhiy kasalliklar kasalliklar shifoxonasiga joylashtiriladi. 1900-1903 yillar davomida Charli kichik-kichik rollarni o`ynab yurgan. Dastlabki ijodini esa pantomimachi aktyor sifatida boshlaydi.

Aynan 1903 yili 14 yoshida u teatrga ishga olinadi va “Sherlok Xolms”dagi Bill rolini ijro etadi. O`qishni erta tashlab ketgani sababli, bu vaqtda Charli o`qish va yozishni deyarli bilmasdi. Shu sababli ham unga rolni yodlash uchun matn berilganda, u matnni ifodali o`qib berishlarini so`rashlaridan juda ko`rqardi. Rollarni yodlash, matnlarni o`qish va tushunishga unga akasi, Sid yordam berardi. Bir necha yil shu yo`nalishda ishlagach, 16 yoshga etganda Charli bir kunda 6-14 soatdan skripka chalishni boshlaydi. Buning uchun u teatr dirijyori va yoning yordamchilaridan dars oladi.

1908 yilning 21 fevralida u Freda Karno teatr tashkilotida myuzik-xollarda pantamimo rolini ijro etish uchun ishga olinadi. Bu teatrda u o`z o`rnini topadi va teatrning eng ko`zga ko`ringan aktyorlari qatoridan joy oladi. 1912 yil AQShga tashrif buyuradi va Ser Mak Sennet boshchiligidagi bir qancha filmlarda suratga tushadi. Shundan so`ng “Kistoun film” studiyasida doimiy ishchi sifatida ishlay boshlaydi.

Dastlab 1914 yilda Keystonda haftasiga 150 AQSh dollari miqdorida maosh olardi. 1915 yilga kelib, bu ko`rsatkich 1250 AQSh dollariga etdi. Bundan tashqari, shartnoma uchun yana 10.000 AQSh dollarini qo`lga kiritdi. 1916-1917 yillarda esa 150.000 AQSh dollarlik shartnoma imzolashga muvaffaq bo`lgan Chaplinning haftalik maoshi 10.000 AQSh dollariga etgan edi. 1917 yil “First National” studiyasi bilan bir millionlik fantastik shartnomani imzolaydi va shundan so`ng tarixda “eng qimmat aktyor” degan nom qoldiradi.

1927 yildan boshlab garchi ovozli filmlar chiqa boshlagan bo`lsa ham Chaplin hamon o`z an`anasiga sodiq qolgan holda ovozsiz filmarda rol ijro etishda davom etadi. Sababi, bu vaqtda u omma tomonidan “Pantamimo va ovozsiz filmlar qiroli” deb tan olingan edi. O`n yil shu yo`sinda ishlagan aktyor 1940 yilga kelibgina ovozli filmlarda suratga tusha boshlaydi.

Kunlardan bir  kuni Angliya ko`chalarining birida Charles Chaplinning antiqa harakatlarini o`xshatish bo`yicha tanlov bo`lib o`tadi. Bu haqda xabar topgan aktyorning o`zi ham tanlovda tasodifan ishtirok etadi. Tanlov nihoyasiga etgach, antiqa holat yuzaga keladi. Charli Chaplin harakatlarini o`xshatish bo`yicha o`tkazilgan tanlovda aktyorning shaxsan o`zi birinchi o`rinni emas, uchinchi o`rinni qo`lga kiritadi.

Albert Eynshteyn Charli Chaplinning filmlarini yaxshi ko`rar, bu aktyorga ixlosi baland edi. Kunlardan bir kun u aktyorga shunday maktub bitadi: “Sizga qoyilman, san`atingiz hammaga tushunarli, Siz kelajakda buyuk odam bo`lasiz, Eynshteyn”.

Oradan ko`p o`tmay javob xati keladi: “Men esa Sizga qayta-qayta qoyil qolaman. Sizning nisbiylik nazariyangizni jahonda kamdan-kam odam tushunadi, lekin baribir Siz ulug` odamsiz. Chaplin”.

Uning daromadi yil sayin oshib boradi. 1919 yilga kelib Chaplin Meri Pikford, Duglas Ferbenkson va Devid Griffitonlar bilan birga o`z kino studiyasini ochadi. Unga “United artists” (Birlashgan aktyorlar) deya nom beradi.1952 yil AQShdan ketib Shveysariyada yashay boshlaydi.

70-yillarda Charli Chaplin ikki bora “Oskar” mukofotini kiritgan. Hatto unga 1975 yil Elizavetta II tomonidan ritsarlik unvoni ham beriladi. AQSh kino akademiyasining ikki karra lauriyati nomiga ham sazovor bo`lgan Charli Spenser Chaplin 1977 yilning 25 dekabrida olamdan o`tgan.

Shaxsiy hayoti...  

Aslida uning hayoti xuddi bir necha bobli romanga o`xshaydi. U hayoti davomida ko`p bor sevgan va sevilgan. 4 bor uylangan.....

Chaplinning ilk sevgisini 19 yoshida uchratadi. Garchi Charlida unga nisbatan iliq tuyg`ular bo`lgan bo`lsa-da, 14 yoshli Xetti ismli qiz bilan munosabatlari do`stona kechgan, deyish ham mumkin. Chunki ular turmush qurishmaydi. Keyinchalik, 1921 yili Charli akasi Siddan Xettining 1918 yili vafot etgani haqida eshitadi.

Keyingi muhabbati Edna Pyorviens ismli ayol bilan bog`liq. U bilan Charli 1915 yili filmni suratga olish chog`ida tanishgan. Ularning o`rtasidagi munosabatlar haqida matbuotda juda ko`p mish-mishlar tarqalgan. Nima bo`lganida ham, 1923 yilga qadar Edna Pyorviens Chaplinning filmlaridagi bosh qahramon sifatida rol ijro etgan. 1958 yili Edna Pyorviens vafot etgan.

Mildred Xarris Charli Chaplinning ilk rafiqasi. Ularning to`ylari 1918 yilning 23 oktyabrida bo`lib o`tgan. O`shanda Charli 29, Xarris esa 16 yoshda edilar. Charli Xarrisning homilador ekanini bilgach, unga uylangan. 1919 yilning 7 iyulida ularning o`g`li Norman dunyoga keladi. Ammo u 3 kunligida vafot etadi. 1920 yili ular ajralishadi.

1924 yilning 26 noyabrida u Lita Grey bilan turmush quradi. Ammo bu to`y uchun u juda ko`p mashaqqatlarni boshdan kechirishiga to`g`ri keladi. AQSh qonunchiligi bilan muammolar kelib chiqmasligi uchun Charli AQShda emas Meksikada uylanishiga to`g`ri kelgan. Ular ikki o`g`ilning ota-onasi bo`lishgan. Ular: Kichik Charlz Chaplin va Sidni Erl Chaplinlar. Biroq bu rafiqasi bilan ham Chaplin 1928 yili ajrashadi.

Aktrisa Polett Goddar va Charli Chaplin o`rtasidagi ishqiy munosabatlar 1932 yildan 1940 yillarga qadar davom etgan. Ularning munosabatlari o`z nihoyasiga etganidan so`ng, har ikkisi ham 1936 yili pinxona turmush qurganliklarini aytishgan.

Una O’Nil Charlining to`rtinchi rafiqasi edi. Una Charlidan 36 yosh kichik edi. 1943 yilning 16 iyunida bo`lib o`tgan to`ydan so`ng ularning oilasida 3 o`g`il va 5 qizaloq dunyoga kelgan. Ular: Kristofer, Yujin, Maykl va Jeraldina, Jozefina, Joana, Viktoriya va Anna-Emillar. Qizig`i shundaki, oxirgi qizaloqni Una Charlining 72 yoshida dunyoga keltirgan.

Shunday qilib, Charli Chaplinning jami 11 ta farzandi bo`lgan.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar