"Amerika Ovozi"ning ma`lumotiga ko`ra, Nyu-York shahrining Bruklin tumanida bu hafta ikki o`zbekistonlik koronavirusdan vafot etdi. Ular 50-60 yosh orasidagi erkak va ayol bo`lgan. Ular AQShda o`z oilalari bilan doimiy yashab, ishlab kelgan.
Ma`lumotga ko`ra, 3-aprel kuni Bruklindagi kasalxonalardan birida joni uzilgan o`zbekistonlik ayolning yoshi 60 dan oshgan bu ayol 9 yildan buyon AQShda doimiy yashab kelgan. Marhuma ancha yillar davomida qand kasalligidan aziyat chekib kelgan. Ikki hafta oldin tobi qochib kasalxonaga tushgan, uyda izolyasiya sharoitida davolanish tavsiyasi bilan javob berilgan, ammo bir hafta o`tib og`irlashgan va yana kasalxonaga olib ketilgan.
2-aprel kuni yana bir o`zbekistonlik, 51 yashar erkak ham erga qo`yilgan. 6-7 yildan buyon AQShda o`z oilasi bilan doimiy yashab kelgan bu vatandosh ham qand kasalligidan qiynalgan. Ustachilik bilan mashg`ul ekan, mart oyining o`rtalarida o`pkasi qattiq shamollab, kasalxonaga tushgan. Pnevmoniya uning holatini yanada og`irlashtirgan.
Voqeadan xabardor vatandoshlarga ko`ra, mayit pandemiya sharoitida joriy qilingan qoidalarga rioya qilingan holda ko`mish uchun yaqinlariga qaytarilgan. Jasadni olishda bu oilaga ham mahalliy masjidlardan biri va oilaning do`stlari yordamlashgan. Marhum Nyu-Jersi shtatidagi qabristonda dafn etilgan, ammo qoidaga amal qilgan holda janozada ishtirok etganlar soni 10 kishidan oshmagan. Tobut ochilmagan.
Manbaning yozishicha, Nyu-York shahrida o`n minglab o`zbekistonliklar yashaydi. Hududda keng tarqalgan koronavirusdan aziyat chekayotganlar orasida ular ham anchagina.
Bemorlar orasida homilador ayollar bor, qolaversa yoshlar va keksalar. Kasalxonalarda joy etishmagani bois va ahvoliga qarab, shifokorlar muayyan talablar bilan ba`zilarni uyiga jo`natgan. Og`irlashsa, kasalxonalarga qaytarilgan hollar bor.
Nyu-York shahrida koronavirus bilan xastalangan o`zbekistonlik bemorlar soni 10 nafardan oshgan. Ularning eng yoshi 29-30 da.