Beshariqda ikki fuqaroning ariqdagi suvni talashib, janjallashishi pichoqbozlik bilan tugadi. Bu haqda Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Bu ikki fuqaro Beshariq tumani “Qorajiyda” qishlog`i hududida joylashgan fermer xo`jaligi hududidan oqib o`tgan ariq suvini talashib janjallashib qolgan. Voqea 2020 yilning 2 aprel kuni soat 18:00larda sodir bo`lgan.
Xususan 35 yoshli S.M. ismli fuqaro tanishi 25 yoshli E.A., bilan janjallashishi oqibatida S.M. qo`lida bo`lgan o`g`itlar qopini ochishi uchun olib kelgan xo`jalik pichog`i bilan E.A. ning qorin sohasiga bir marotaba pichoq tiqib olgan.
Natijada E.A., tan jarohati olib tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Beshariq tumani IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. S.M. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi(qasddan badanga og`ir tan jaroxati etkazish)da ko`rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.