Sulton buvaning qulog`i og`irlashganiga biror fasl bo`ldiyov? Qish bo`yi “Ana boraman, mana boraman...” deb jadalladi, qani yo`li bo`laqolsa. Birisida endi eshakka minib qishloq markazidagi shifokorga ko`rinib kelay deb otlangani... qo`shni mahallaga janozaga aytib qolishdi. Birisida tun bo`yi kampiri javrashidan zada bo`lib, tong sahar eshakni qichaganim bo`lsin, deganida... tongda tursa tizza bo`yi qor yoqqan. Shu havoda eshakni ovora qilmay dedi...
Mana endi bahor kelishi, kunlar ilishi bilan yana shu kampirining zug`umiga chidolmay shifokorga bordiyu... bu yog`ida orttirgan hangomasini qo`yavering.
Bir boshdan aytsak. Ertalab choyini ichib, ko`chalik kiyimlarini kiygancha, kampiriga: “Shu do`xtir bolaning qo`li engil deydilar. Tom bitgan qulog`imni bir ochsin, seni hamsoya kampir bilan devor tagida o`tirgancha shivirlashib, aytadigan mish-mishlarni eshitay, bir adablaringni beray!” deb jo`nagani... tushga yaqin boshi osmonda, ikki qulog`ini tikraytirgancha kelib turibdi-da.
Eshagini devor tagidagi qoziqqa bog`laganicha o`choq boshida kuymanayotgan kampiri ustiga bosib kela boshladi.
“Ha, ovqating pishdimi? Hidini hali katta ko`prikka etmay sezdim, yog` dog`laganing tovushini undan oldinroq eshitdim. Rahmat, shu do`xtirlarga! Bir ignaga paxta o`rab, yana nimadir purkab bir yuvdi, bir yuvdi qulog`imni. Ajinam qo`zadiyu, yana kulgim keladi. “Tarqa” ochildida quloqvoy! Endi mendan gap yashirib bo`psan!
Sulton buva shunday deganicha hazillashib kampirini quchdi. Kampiri: “Qariganda suyulmang!” deganicha nari itargach, qozon qopqog`ini ochib damini olgan palovga suqlanganicha: “Bay-bay, qo`ling shirinda kampir. Shuning uchun senga uylanganmanda!” dedi. Ko`rsatkich barmog`i bilan dona-dona bo`lib shishgan guruchlarni ushlab ham ko`rdi.
Shu payt kenja o`g`li bog` to`ridan kelib qoldi. Otasining onasi bilan qozon boshida hazillashib turishganiga kulganicha o`tayotgandi, Sobir buva uni to`xtatdi:
-Sen...uyga kir, bog` aylan, takasaltang bo`lib yuraver! Ana Abdulla sartning supraqoqdisi elkasida bir qop sovg`a-salom bilan yurt oshib kelibdi! Bilagida kuchi bor yigit, ishlaydigan vaqtida. Hali qopini aytdim, cho`ntagida anov do`llur deganidan qancha bor? Qarab turinglar, biror hafta ichida mashina olmasa, ko`cha chang`itib o`tmasa...men kafil.
Kampir qozon qopqog`ini ushlaganicha turgan joyida qotdi, so`ragani shu bo`ldi:
-Qaerdan kelayotgan ekan u...oti qursin, qop orqalab?
Sobir buva kiyimlarini almashtirish uchun ichkari yo`nalayotgandi, kampirining savolidan so`ng shu ishyoqmas o`g`lining yana bir bora taddisini beray deb og`zini to`ldirgancha gapirdi:
-Qaerdan, qaerdan? Bu ishyoqmasingga o`xshab, haftada bir marta Devqal`a tagidagi bozorga chiqib, topgani papirosiga etmaydigan ishmas. Shimkentdan kelayotgan ekan...
Sobir buvaning gapi og`zida qoldi. Kampiri qopqoqni qozonga bostirishni unutib, yoniga keldi. Rangi g`alat tusga kirgandi. Ovozi yanayam qo`rqinchli chiqdi:
-Qaydan kelayotgan ekan?!
-Shimkentdan dedi. Qozoq bovurlarimiz yurtida bu!
-Nima?! Siz...siz o`sha bola bilan ko`rishdingizmi?
Sobir buva elka qisdi, ajablandi.
-Nega ko`rishmay? Ko`rishdim. Necha mozor bosib kelayapti axir. Yuzlarini silab, tavof ham qildim...
Kampiri o`zini tashlab yuboray dedi, ovozidagi vahimaga osh pishadigan.
-Ko`rishdim?! Yuzini siladim? Qachon?!
Sobir buva sergaklandi:
-Qachon? Do`xtirga borishda. Nima qilibdi? Pes ochibdimi?
Endi sergaklanish navbati kampiriga etgandi.
-Ahmoq chol! Esini egan chol! Axir...anov kasallik tarqaldi, deb televizor bir oyki sayrab yotibdiku! Qozoqdan kelgan bo`lsa uning ustiga! To`rt oyki, og`zimda og`iz qolmadi, do`xtirga boring, deb. Bu qulog`i tom bitganning hech nimadan xabari yo`q. Yana...yana yuzini silabdimish. Voy o`lay...
Boshlandi. Sobir buvaga kiyimlarini almashtirish buyurmagan ekan. Kampiri qistovi bilan qayta eshakka mindi, hatto uzoq yo`l bosib kelganidan og`zi qurigandi, kampiri qurmagur bir kosa suv bermadi. Mazali hidi chiqib turgan bir qozon palov axlat o`rasiga ag`darildi. Kampir boya choli quchoqlagani esiga tushib, ustidagi neki kiyimi bor, o`choqqa qaladi.
Sobir buva eshakda, kampiri o`n qadam ortda, o`g`li biror o`n besh odim oldinda qishloq markaziga jo`nadilar...
Boyagina do`xtirlar hazillashgancha kuzatib qo`ygan vrachlik punkti haliyam gavjum edi. Sobir buva qaytib kelganini ko`rib, tag`in hazillashmoqchi edilar... kampir voqeani aytgach, hammasi suvga tushgan mushukdek shumshaygancha joyida qotishdi.
Tuman markazidan “tez yordam” chaqirtirildi. Sobir buva bilan ko`rishgan kimki bor ro`yxati tuzildi. Do`xtir yonidagi hamshira bu xabardan sal bo`lmasa hushini yo`qotay, dedi.
O`n chog`lik odam mingan “tez yordam” va yana bir shifokorning “Neksiya”si tuman markaziga jo`nadi. Kimningdir taklifi bilan Sobir buvaning eshagini punkt bog`iga o`tkazib, qandaydir dorilar bilan rosa shalabbo qilib ezishdi...
Koronavirusga gumondor deb topilganlar tuman shifoxonasining alohida bo`limiga joylashtirilib, yuzlariga niqob, ustlariga g`alati kiyim kiygan shifokorlar ulardan tahlil uchun qon olishga kirishdilar.
Qulog`i ochilganidan beri dunyolarga sig`may yurgan Sobir buvani alohida bir xonaga kiritishdi...
Ikki soatlardan so`ng uchastka noziri Boltaboy shifoxonaga etib keldi va kutilmaganda hammasini karantindan ozod qilib, uylariga tarqashni buyurdi.
Bor gap shu!
Ro`zimboy HASAN
Karikaturachi rassom: Husan Sodiqov