O`zbekistondagi bir qator tajribali olim va shifokorlar bilan kelishilgan holda, tez kunlarda mutlaqo yangicha usul — koronavirusdan sog`aygan insonlarning qon zardobini xastaligi og`ir kechayotgan bemorlarga quyish amaliyotini joriy etish boshlanadi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Amaliyotning ilmiy asosiga keladigan bo`lsak, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlar qon zardobida virusga qarshi immun tanachalar paydo bo`lib, ular virusning o`limiga olib keladi.
Tabiiyki, bu amaliyot qator savollar tug`dirishi mumkin. Zardobdan boshqa kasallik yuqmaydimi? Zardob bergan insonlar ahvoli og`irlashmaydimi? Bemorlarga zardob quyilganda turli asoratlar yuzaga kelmaydimi?
Avvalo, koronavirus infeksiyasidan tuzalgan insonlardan zardob olishdan oldin, bir nechta infeksiyalarga tekshiriladi, tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Qo`shimcha infeksiyasi va kasalligi bo`lmagan insonlar zardobining kichik bir qismi olinadi, xolos. Bu miqdor donor uchun hech qanday salbiy asoratlarni namoyon qilmaydi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan. So`ngra yig`ib olingan zardob yana qo`shimcha ishlov berish jarayonlaridan o`tkazilgandan so`ng, kasallik og`ir kechayotgan bemorlar roziligi va shifokor ko`rsatmalari hamda maxsus tartiblarga qat`iy rioya qilingan xolda qo`llanilishi mumkin.
Eng muhimi, COVID-19 infeksiyasidan tuzalgan insonlarning qon zardobi – kasallik og`ir kechayotgan yoki uzoq davom etayotgan bemorlarimizga virusni tezroq va osonroq engish uchun qo`shimcha kurashish manbai bo`lib xizmat qiladi.