Bugun AOKA shtabida O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov ishtirokida brifing bo`lib o`tdi.
Brifing davomida muhim savollarga qaytarilgan javoblar taqdim etildi.
- Nega o`quvchilarni elektron kundalik orqali uy ishlarini har kuni yuborishni talab qilishadi? Ertasi kuni yuborilsa, qabul qilinmayapti. Bu o`quvchilar o`rtasida ko`chirishni oldini olish uchun qilinayotgan ekan. Hech qaerda oila internet sarf qilishi haqida gapirilmagan. Davlat o`quvchilarni internet bilan ta`minlashi shart. Shu talab to`g`rimi?
— Darslar har kuni o`tkaziladi. O`quvchilar uy ishlarini oddiy davrda bo`lganidek har kuni qilishlari kerak. Darslar o`z vaqtida qilinmasa, uy vazifalari to`planib qoladi va farzandingiz ularni bajarishda qiynaladi. Bundan kelib chiqib, bolangiz har kuni uy vazifasini qilishi kerak.
Mamlakatimizda karantin joriy etilganidan keyin 1 aprel kunidan boshlab o`qituvchilar masofadan ishlashni boshlashdi. O`qituvchilar uy vazifalarini bajarilishini tekshirib borishlari lozim, buni esa hozirda faqat internet yordamida amalga oshirish mumkin.
Shuni ta`kidlash lozimki, mamlakatimizdagi aksariyat mobil aloqasini taqdim etuvchi kompaniyalar Kundalik.com saytini o`z abonentlari uchun BEPUL xizmat ko`rsatishini ta`minlagan. Tizimdan foydalanganlik uchun megabaytlar ketmaydi.
- Shahar xalq ta`limi boshqarmasi har kuni ota-onalardan farzandlari dars qilayotganligi haqida videoroliklar olishni va ularga yuborishni so`rayapti. Shu to`g`rimi?
— Hozirgi davrda ota-onalar farzandlarining videodarslarni tomosha qilishi va topshiriqlarni bajarishiga mas`ul ekanini eslatib o`tamiz. Ota-onalar farzandlarining dars qilishini nazoratga olishi lozim.
Dars jarayonini videoga olib, o`qituvchi yoki xalq ta`limi boshqarmasiga yuborishga EHTIYoJ YO`Q!
- Prezident maktablari nega televizion darslarni tayyorlashga jalb etilmagan?
— Televizion darslarni tayyorlashda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan Prezident maktabidan bir qator mahalliy o`qituvchilar JALB QILINGAN. Ular ona tili, adabiyot, astronomiya va fizika fanlaridan videodarslar tayyorlagan.
Kelgusida Xalq ta`limi vazirligi Prezident maktabi o`qituvchilarini STEAM fanlari bo`yicha videodarslarni olishga jalb qilishni rejalashtirgan.