Avval xabar berganimizdek, bugun Milliy matbuot markazida Xalq ta`limi vazirligi tomonidan “O`zbekiston Respublikasida boshlang`ich ta`lim sifatini oshirishning dolzarb vazifalari” mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.
Tadbirda ma`ruza qilgan Xalq ta`limi vaziri Ulug`bek Inoyatov, bugungi kunda markaziy maktablarning talabgirligi oqibatida undagi sinflarda 50 nafargacha bola o`qiyotganini bu esa ta`lim sifatiga ta`sir qilishini ta`kidlab o`tdi. Shularni inobatga olgan holda 2015 yildan e`tiboran har bir sinfga 36 nafardan ko`p bola qabul qilinmasligini ma`lum qildi.
Shuningdek, ta`kidlandiki, boshlang`ich sinflar uchun 17,2 mingta chet tili xonasi tayyorlanib, DVD – magnitola, o`quv-ko`rgazmali vositalar, lug`at va adabiyotlar bilan ta`minlangan. Shuningdek, ularga 6650 tadan dinamik va optik sichqoncha, noutbuk, videoproektor, markerli doska, TV-tyuner hamda elektron doska vazifasini bajaruvchi 200 ta interaktiv qurilma etkazib berilgan.
Joriy yilda yana 5 286 ta boshlang`ich sinf chet tili kabinetlari uchun zamonaviy texnik vositalar to`plami xarid qilinadi. Yangi davlat ta`lim standarti asosida 1 va 2-sinflar uchun yaratilgan chet tili darsliklari asosida bugungi kunda o`quvchilarimiz chet tilini ishtiyoq bilan o`rganmoqdalar. 3-sinflar uchun yaratilgan chet tili darsliklari 130 ta maktablarda tajriba-sinovdan o`tkazildi, unda 260 nafar eksperimentator-o`qituvchi va 4120 nafar 3-sinf o`quvchilari qatnashdi.
Ushbu darsliklar tajriba-sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning takliflari asosida takomillashtirilib yangi o`quv yiligacha 593 000 nusxa chop etilib maktablarga etkaziladi.
3-sinf darslik-majmualaridan o`qituvchilarni samarali foydalanishga o`rgatish maqsadida 36 soatlik maxsus kurslar tashkil etildi.Mazkur kurslarda joriy yilning aprel-iyun oylarida yangi o`quv yilidan 3-sinflarda chet tilidan dars beradigan 18 mingga yaqin o`qituvchilarning malakasi oshiriladi.