Amerikalik milliarder Bill Geyts koronavirusga qarshi vaksina uchun bir yarim yil kerak bo`lishi mumkinligini aytgan. Bu haqda BBC News O’zbek xabar bermoqda.
Bill Geyts yangi vaksina uchun ajratilayotgan mablag`lar etarli emasligini urg`ulagan.
"Men va tibbiyot sohasi ekspertlari bir paytlar pandemiya insoniyat qachondir yuz tutadigan yirik ofatlardan biri bo`lishi mumkinligi haqida gaplashgan edik" - degan Bill Geyts Bi-bi-si bilan suhbatda.
"Hali 2015 yili men shunday xavf haqida aytganman. Endi ortga qarab, etarlicha mablag` va sarmoya ajratmaganimizdan pushaymon bo`lamiz".
"Biz epidemiyadan himoyalanish uchun etarli mablag` ajratmaganmiz" - urg`ulagan filantrop milliarder.
"To`g`ri, Epidemiyalarga hozirlik sohasida innovasiyalar ittifoqini (CEPI) tuzdik. Ammo bu qilishimiz mumkin bo`lgan ishlarning atigi 5% edi, xolos".
"Vaqt o`tishi bilan ortga qaraymiz va o`shanda juda ham kam sonli mamlakatlarga "a`lo" baho berish mumkin bo`ladi" - degan Bill Geyts.
"Chunki aksariyat hozir shunchaki sodir bo`layotgan voqelikka qarshi nimadir qilishga urinmoqda".
"Hech kim bunga tayyorgarlik ko`rmadi va nima bo`lishi mumkinligi ustida o`ylamadi".
"Oqibatda biz hozir tibbiyot va iqtisodiy siyosat borasida mutlaqo mavhum ahvolda qoldik".






