Xatirchi tumani “Damariq” MFY istiqomat qiluvchi fuqaro B.Z. tuman IIBga ariza bilan murojaat qiladi. Arizasida kimdir uyiga deraza orqali kirib, mehmonxonasidagi temir seyfni ochib, umumiy qiymati 17 million 450 ming so`m bo`lgan tilla taqinchoqlarni o`g`irlab ketganligini ma`lum qilgan.
Tuman IIB xodimlarining olib borgan surishtiruv natijalariga ko`ra, ushbu jinoyatni 2001 yil Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug`ilgan, millati o`zbek, ma`lumoti o`rta-maxsus, bo`ydoq, hozirgi kunda Xatirchi tumani “Damariq” MFY yashovchi X.R. sodir etganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan X.R.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jazo choralari qo`llanildi.
Afsuski, o`spirin yigit ayni jamiyatga naf keltiradigan komil farzand bo`lib kamolga etish yoshida ota-onasining yuzini erga qaratdi. Bir mahallada yashayotgan qo`shnisining ko`zini shamg`alat qilib, mulkiga xufiyona ko`z olaytirgan yigitning qilmishini hech bir sabab bilan oqlab bo`lmaydi.