AsosiyDunyo

Rossiyalik bloger medal o`rniga ish so`ragan xorijdagi yurtdoshlarimiz jasorati haqida videolavha tayyorladi

Rossiyaning Moskva shahridagi qariyalar yashaydigan xususiy pansionatlaridan birida tunda...

'Rossiyalik bloger medal o`rniga ish so`ragan xorijdagi yurtdoshlarimiz jasorati haqida videolavha tayyorladi'ning rasmi

Rossiyaning Moskva shahridagi qariyalar yashaydigan xususiy pansionatlaridan birida tunda yong`in chiqqan. Pansionat yonida joylashgan ishchilar yotoqxonasida yashaydigan o`zbekistonlik, tojikistonlik mehnat muhojirlar yong`inda qolgan qariyalarni qo`llarida ko`tarib tashqariga olib chiqib, hayotlarini saqlab qolgan.

Lavhada samarqandlik Nurbek (Nurik), Aziz ismli yurtdoshlarimizdan qisqacha intervyular ham olingan. Ular o`z so`zlarida har qanday odam qilishi kerak bo`lgan ishni qilganini oddiygina qilib izohlagan.

photo5235816767824178317.jpg
photo5235816767824178318.jpg

Blogerning qayd etishicha, bu yigitlarga keyinchalik medal ham bermoqchi bo`lishgan. Biroq, ular “bizga medal emas, ish bo`lsa bas”, degan javobni bergan.

O`z A muxbiri hamyurtlarimizning bu jasoratlari haqida videolavha tayyorlab, o`zining YouTube kanalida e`lon qilgan rossiyalik mashhur bloger Islam Guseynov bilan suhbatlashdi .

– Islam, bu videolavhani tayyorlashga sizni nima majbur qildi?

– Insoniylik burchim tufayli bu videolavha tayyorlandi. Ushbu voqeadan xabar topganimdan so`ng asl qahramonlarni ko`rsatishni maqsad qildim.

— Bu voqea haqida qanday xabar topdingiz?

— Ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarimda turli mamlakatlar fuqarolari, turli millat vakillari bor. Ular o`zlari guvoh bo`lgan qiziqarli voqealar yoki muammolari haqida xabarlar yuborib turishadi. To`g`risini aytsam, kelayotgan xabarlar, videolar juda ko`p. Hammasiga e`tibor qaratish jismonan mumkin emas. Ammo shunday voqealar bo`ladiki, uni bitta nigoh bilan darrov ilg`aysan, u haqda gapirmaslik ilojsiz bo`ladi.

— Videoda qahramonlar shaxsiga nega aniqlik kiritmagansiz?

— To`g`risi, ularning o`zi buni istamagan. Ko`plab mehnat muhojirlari o`zi haqida to`liq ma`lumot berishga ko`p hollarda juda cho`chiydi. Shundoq ham qiyin vaziyatini battar qilmaslik uchun ham. Axir oldindan bilib bo`lmaydi, kim qanday munosabatda bo`lishini.

— Bu video uchun sizdan butun xalqimiz juda minnatdor bo`ldi. Bundan oldin ham O`zbekiston bilan bog`liq chiqishlar qilganmisiz?

— O`zbekiston – men uchun sevimli o`lka. Bilaman, bu yurtda mehr-oqibatli odamlar yashaydi. Rossiyada yurgan o`zbeklarni kuzatib shu fikrga kelganman. Ba`zan mehnat muhojirlari haqida turli salbiy fikrlar ham bildiriladi. Ammo ular orasida har qanday sharoitda ham inson bo`lib qolayotgan chinakam insonlar juda ko`p. Asl insoniylikka duch kelganda esa buni olib chiqishga doim harakat qilganman. Men ularning mamlakatiga, millatiga qarab ajratmayman.

 

    Boshqa yangiliklar