AsosiyDunyo

Ispaniya va Italiya qurbonlar sonining kamayishiga qanday erishdi?

'Ispaniya va Italiya qurbonlar sonining kamayishiga qanday erishdi?'ning rasmi

Dunyo ommaviy axborot vositalarining so`nggi yangiliklariga ko`ra, umumjahon COVID-19 koronavirus pandemiyasidan eng ko`p zarar ko`rgan mamlakatlardan hisoblanayotgan Ispaniya va Italiyada achinarli holatni o`nglab olinishiga umid uyg`otuvchi “qurbonlar sonining o`sishi sekinlashganligi” haqida xabarlar tarqalmoqda. 

Ispaniya va Italiya sog`liqni saqlash vazirliklari rahbarlari ushbu o`ta muhim ijobiy tendensiyaga o`z hukumatlari qo`llagan qat`iy karantin choralarining natijasi o`laroq erishilganligini qayta-qayta ta`kidlashmoqda. Ushbu “oraliq g`alaba”ning asl sababini e`lon qilish uchun zarurat mazkur ikki mamlakat uchun ham, butun Evropa uchun ham yirik debatlar va munozaralarga sababchi bo`layotgan hamda huquqiy jihatdan g`arb qonunchiligi uchun o`ta nozik bo`lgan “inson huquqlari va erkinliklarining poymol bo`lishi” deb bong urilayotgan bosimni engillatish uchun paydo bo`lgan, desak xato bo`lmaydi.

Bir necha hafta ilgari rasmiy Madrid va Rim tomonidan qo`llanilgan qat`iy karantin choralari ko`plab inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlari va faol jamoatchilarning jiddiy tanqidi ostiga olingandi. Mazkur tanqid va ayrim tushunmovchiliklar sabab karantin choralari aholining keng qatlamlari noroziliklariga olib kelgandi. O`z o`rnida qiyinchiliklar bilan tatbiq etilgan karantin rejimini e`lon qilishdan ham oldin qonunchiqaruvchilar uzoq davr mobaynida og`ir kurash va huquqiy mojarolardan o`tishga majbur bo`lishgandi. Yo`qotilgan bir necha haftalik davr mobaynida koronavirus, albatta, o`z ta`sirini geometrik progressiyada kuchaytirishga ulgurdi. 

Xususan, Italiyada birinchi koronavirus bilan zararlangan xitoylik sayyohlar 2020 yil 31 yanvar kuni aniqlangan va fevral oyining oxirigacha koronavirus bilan zararlanganlar ko`rsatkichi bo`yicha Italiya dunyo bo`yicha ikkinchi o`ringa chiqdi. Biroq, butun Italiya bo`ylab karantin choralari faqatgina 10 mart kuni e`lon qilinib, 11 mart kunidan qo`llanilishi boshlandi. Ushbu qaror e`lon qilinganiga qaramasdan, ko`plab italiyalik fuqarolar belgilangan tartibga rioya etmasdan kelishdi. Karantin qoidasi bo`yicha tartibbuzarliklar 24 mart kuni Italiya Vazirlar kengashi tomonidan “karantin qoidalarini buzganligi uchun 400 evrodan 3 ming evrogacha jarima jazosi” o`rnatilmaguncha davom etaverdi va koronavirusni yuqtirgan hamda uning natijasida halok bo`lgan fuqarolar sonining bir-necha bor oshib borishiga olib keldi.

Ekspertlar fikriga ko`ra, qat`iy choralar Italiyada fevral oyining boshidayoq, koronavirus infeksiyasining sog`liqni saqlash sohasidagi o`ta jiddiy tahdidligi ayon bo`lganida qo`llanilmaganiga qonunchilikning mazkur sohadagi o`ta zaifligi bo`lib qoldi. Bokkoni Universitetining qiyosiy huquq sohasi professori A.Vedashining fikriga ko`ra, Italiya Vazirlar Kengashi prezidenti (ijroiya hokimiyat rahbari) qo`llagan karantin choralari fashist diktaturasi qaytishidan qo`rqib tuzilgan  Italiya konstitusiyasining fuqarolar erkinliklariga oid aksar normalariga zid bo`lib chiqdi. Biroq, qat`iy tadbirlarni qo`llash – eng zarur choraligi ayon bo`lganligi sababli, A.Vedashining ta`kidlashicha, koronavirus bilan bog`liq vaziyat tuguganidan so`ng Italiya konstitusiyasini favqulodda holatlarga moslashtirish, shu jumladan hukumat vakolatlarini oshirish bo`yicha normalar kiritish masalasi kun tartibiga chiqadi.

Mutaxassislarining fikriga ko`ra, 47 ta Evropa mamlakatlari, shu jumladan Ispaniya va Italiya, koronavirus pandemiyasi davrida o`zlari imzo chekkan Inson huquqlari bo`yicha Evropa konvensiyasining 15-moddasiga muvofiq “urush yoki boshqa favqulodda holatlarda, millat hayotiga tahdid soladigan holatlarda” favqulotda holat e`lon qilish huquqini qo`llashlari mumkin. Biroq, ushbu moddani koronavirus pandemiyasi davrida kurashni tashkil etish uchun faqatgina Armaniston, Estoniya, Gruziya, Latviya, Moldova va Ruminiya hukumatlari qo`llagan, xolos. Vujudga kelgan pandemiyaga qarshi kurashni boshqa evropa mamlakatlari o`zlarining milliy qonunchiligi doirasida va aksar hollarda karantin choralarini qo`llamasdan hal etishga urinishmoqda va bu koronavirus tarqalishiga qo`shimcha sharoitlar yaratib berishini anglatmoqda. 

Evropada eng engil choralar Shvesiya hukumati tomonidan qo`llanilmoqda, ya`ni, fuqarolarga 50 kishidan ortiq to`planmaslik talabi qo`yilgan, xolos. Stokgolmning fikriga ko`ra, hukumat aholiga koronavirus yuqtirib olmaslik bo`yicha tavsiyalar berish bilan cheklanishi kerak. Bu, albatta, vujudga kelgan xatarli vaziyatda o`zining salbiy oqibatini ko`rsatishni boshlamoqda. Xususan, 29 mart kuni koronavirus sababli Shvesiyaning 110 nafar fuqarosi vafot etgan bo`lsa, 5 aprelga kelib ushbu sabab 401 shved fuqarosi olamdan o`tgan. Buyuk Britaniyaning YouGov nashrining 1 aprel holatidagi ma`lumotlariga ko`ra, koronavirus natijasida o`lim holatlarining aholi jon boshiga nisbatan kunlik oshishi bo`yicha Shvesiya 5-o`ringa (0.0024%) ko`tarilgan (1-o`rin Italiya (0.0207%), 2-o`rin Ispaniya (0.0193%), 3-o`rin Fransiya (0.0053%), 4-o`rin Buyuk Britaniya (0.0027%)). Evropaning etakchi nashrlaridan biri bo`lgan Politico muxbirlari yozishicha, “Shvesiyada holat tahlikali. Kunlik koronavirusga chalinganlar soni aniqlanishi holatlari ko`payib bormoqda”. Shuning bilan birgalikda, mutaxassislar fikriga ko`ra, koronavirusga tekshirish ishlari olib borilmaganligi sababli, asl holat bundanda achinarli bo`lishi mumkin.

2020 yil 6 aprel holatiga ko`ra, butun dunyo bo`ylab 1,3 mln. nafar insonga yuqib, 70 ming inson umriga zavol bo`lgan COVID-19 pandemiyasi bo`yicha 337 ming koronavirus yuqtirib olgan inson bilan AQSh birinchi o`rinda, 131 ming kishi bilan Ispaniya ikkinchi o`rinda, Italiya esa 128 ming kasallangan inson bilan uchinchi o`rinni egallamoqda. Xitoy esa 82 ming nafar kasallangan kishi bilan, Germaniya (100 ming) va Fransiyadan (93 ming) so`ng oltinchi o`ringa tushgan. Ko`rinib turibdiki birinchi beshtalik davlatlari o`zining rivojlangan iqtisodiyoti va kuchli liberal davlatchik an`analariga qaramasdan favqulotda yuz beradigan holatlarga tez va samarali choralarni ko`ra olmaganligi qonunchilikda ushbu tor sohada ko`plab jiddiy muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda. 

Shubhasiz, barcha davlatlar uchun pandemiya davri, o`zi olib borgan siyosatiga muvofiq ravishda, u yoki bu darajada og`irlikda o`tadi. Ushbu sharoitlarni inson huquq va manfaatlarini ta`minlash ustovorligi tamoyilini hech qanday inkor etishga asos yoki bahona sifatida qabul qilish mumkin emas, vaziyatdan bunday foydalanish oddiy axloq qoidalariga zid. Biroq, Evropa mintaqasidagi bugungi vaziyat misolida guvoh bo`lganimizdek, jamoatchilikning o`z hukumatlariga nisbatan  o`tkazadigan ortiqcha bosimi, hukumatning favqulodda vaziyatlarda falajlanishiga hamda samarali choralarni o`z vaqtida tatbiq etmasdan qolishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, pandemiya yakuni bo`yicha dunyo mamlakatlari qonunchiqaruvchilari uchun favqulodda vaziyatlarni to`g`ri tahlil qila olish, tez va samarali choralarni qo`llay olish bo`yicha huquqiy mexanizmlarni hozirlab qo`yish ahamiyatining oshishi muqarar.

Sh.Ro`ziev, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas`ul xodimi 

    Boshqa yangiliklar