Karantin payti, avtotransportlarni boshqarish cheklangan bir paytda Samarqand viloyatining Ishtixon tumani “Sug`ot” mahallasi hududidan o`tuvchi 4R-53 “Bo`ronxo`ja-Ishtixon” avtomobil yo`lining 47 kilometrida yana bir yo`l avtotransport hodisasi sodir bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha voqea 2020 yil 13 aprel kuni soat 20:00 da yuz bergan. Xususan 34-yoshli B.R., boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasi yo`lning o`ng qismidan qarama-qarshi yo`nalishda harakatlanib kelayotgan velosipedni urib yuborgan. Natijada velosiped boshqaruvchisi 33 yoshli D.E., tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tuman IIB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Biroq, 14 aprel kuni fuqaro D.E., YTH natijasida olgan tan jarohatlari tufayli tuman shifoxonasida vafot etgan.
Shu sababli jinoyat ishi JKning 266-moddasi 2-qismiga qayta malakalangan.
YTH sodir etgan shaxsni qonun doirasida javobgarlikka tortish mumkindir, lekin vafot etgan insonni endi hayotga qaytarish mumkin emas... Shuni nazarda tutib IIV fuqarolarni ogohlantiradi:
"Hurmatli fuqarolar! Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan karantin vaqtida barcha shaxsiy transport vosita (stiker maxsus ruxsatnoma berilgan va tegishli ro`yxatga kiritilgan avtomobillar bundan mustasno) laridan foydalanish qat`iyan man etilgan.
Oxirgi vaqtlarda velosiped ishtirokida YTH sodir bo`lishi ko`payib bormoqda. Shu sababdan avvalam bor ko`chaga chiqishdan tiyiling, hayot uchun zarur bo`lgan hollardan, tashqariga chiqishdan avval transport vositangiz soz, velosipedingiz esa maxsus nur qaytaruvchi chiroqlar bilan jihozlanganligiga e`tibor bering. O`z hayotingizga befarq bo`lmang!" – deyiladi murojaatda.