Koronavirus pandemiyasi – bugun ushbu infeksiyaga qarshi dunyoning deyarli barcha davlatlari qattiq kurash olib borishmoqda. Xususan, mamlakatimizdan ham bu borada bir qator cheklovlar joriy qilingan. Mutaxassislarning fikriga ko`ra virusning oldini olishda eng samarali yo`l hozircha karantin qoidalariga amal qilish bo`lib turibdi. Shunday bo`lsada, ayrim fuqarolar ushbu me`yorlarga amal qilmasdan o`zgalarning sog`ligini xavfga qo`yishmoqda. Ya`ni, Do`stlik tumanidagi yo`l-ulov xodisasi ham karantin qoidalarini mensimaslik natijasida sodir etildi.
Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning 12 aprel kuni soat 20:30 larda tumanning Sanoatchilar mahallasi hududidan o`tuvchi 4 R 35 avtomobil yo`lida Mevazor mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi 1985 yil tug`ilgan fuqaro maxsus ruxsatnomasiz “Lasetti” rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotganida shu yo`nalishda harkatlanib kelayotgan G`ofur G`ulom mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi 1970 yil tug`ilgan erkakni urib yuborgan. Oqibatda mashinaning tagida qolib ketgan erkak bosh miya yopiq lat eyishi jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo`limida vafot etdi.
Darhaqiqat, har qanday nojoiz xatti-harakatning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi keskin kurash ketayotgan bir vaqtda karantin qoidalariga amal qilmasdan jinoyat sodir etgan fuqaro ham qonunda belgilangan tartibda jazosini oladi.