So`nggi vaqtlarda yoshlar orasida kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini iste`mol qilish holatlari kuzatilayotgan bo`lib, bunday tabletkalar bir marta qabul qilinganda eyforiyani keltirib chiqarsada, keyinroq unga tobe` bo`lishga olib keladi.
Hozirgi paytda bunday preparatlarning savdosi bilan shug`ullanuvchilar o`z faoliyatlarini nafaqat dorixonalarda, balki, oziq-ovqat, xo`jalik do`konlari, “paynet”larda ham yo`lga qo`yib, mijozlarga qo`shtirnoq ichida xolis xizmat qilayotganliklari ayni haqiqat.
DXX xodimlarining Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbirlari natijasida poytaxtimizda dorixonalar faoliyatini yo`lga qo`yib, “Regapen”, “Tropikamid”, “Andante”, “Selofen” kabi kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug`ullanib kelgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
O`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida guruh a`zolaridan 140 mln. so`mlik 4211 dona kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari va taxminiy bahosi qariyb 1 mlrd. so`m bo`lgan 17 nomdagi 50 mingdan ortiq sifatsiz dori preparatlari musodara qilindi.
Samarqand va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridan bo`lgan fuqarolardan iborat guruh a`zolari o`zlari bilan gazli va pnevmatik to`pponchalar, pichoqlar, kastetlar, beysbol va teleskop tayoqchalari olib yurishgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.