AsosiyJamiyat

Soliqchilarning olibsotarlar bilan tili birmi?

'Soliqchilarning olibsotarlar bilan tili birmi?'ning rasmi

Xabaringiz bor, O`zbekistonda karnatin tartibi joriy etilishi ortidan aholining oziq-ovqat mahsulotlarini g`amlab qo`yishi va mahsulotlarni etkazib berishda yuzaga kelgan noqulayliklar sabab bir qancha mahsulotlar narxida ko`tarilish yuzaga keldi. Xususan, Respublikaning deyarli barcha viloyatlarida un narxining oshib ketganligidan norozilik murojaatlari ko`payib ketdi. Unga bo`lgan ehtiyojni qoplash, etkazib berish va narxini mo`tadillashtirish borasida hokimliklar va tegishli tashkilotlar tomonidan bir qancha chora-tadbirlar olib borildi, borilmoqda. Biroq, chekka hududlarda vaziyat hamon og`irligicha qolayapti. Bu haqda Xolis fikrchi bloger o`z munosabatini bildirdi:

"Aytishlaricha, kecha haftada bir marta bozor bo`ladigan chekka hududlardagi dehqon bozorlarida bir qop unning bahosi 245 ming so`mga chiqib ketibdi. Shu narxga ham rozi aholining katta qismi un ololmay qolganidan xavotirda. Axir, un 300 ming so`mga chiqib ketadi, degan gap-so`zlar yuribdi-da! “Avvaliga bunga ahamiyat bermagandik. Tuman markazidagi un do`konlari eshiklariga ham qulf osilganidan keyin odam vahimaga tushib qolarkan”, deydi qishloq faollaridan biri.      

Bu holat un mahsulotlari birjadan olinib, «O`zdonmahsulot» AK korxonalarida ishlab chiqarilgan bir qop un narxi 125 ming so`m qilib belgilangan bir paytda kuzatilayotgani g`alati. O`ylab qolasan, odam: yoki omborlarining tagi ko`rinib qoldimi? G`alla mustaqilligiga erishganimiz haqida jar solib kelayotgan «O`zdonmahsulot» bunga nima deydi?  Kampaniya tarqatgan ma`lumotlarga ishonadigan bo`lsak, tizim korxonalari omborlarida 32 ming tonnadan ortiq un zaxirasi bor. Hozirgi karantin paytida ham tizimdagi 50 ortiq tegirmon sexi to`la quvvatda ishlab, kuniga 6000 tonnagacha un tayyorlanayotgan ekan.  

Unda muammo nimada? Import kamaygani ichki bozorni shunchalik alg`ov-dalg`ov qilib yubordimi? Davlat bojxona qo`mitasi eksport-import amaliyoti to`xtatilmaganini aytmoqda. Shu yilning 18 aprel holatiga ko`ra, bojxona omborlarida jami 41,6 mln. AQSh dollarilik oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, 67 ming tonna bug`doy, 233,9 tonna un saqlanmoqda. Ushbu mahsulotlar bojxona rasmiylashtiruvidan so`ng qisqa muddatlarda ichki bozorlarga yo`naltirilarkan.  

Demak, insofsiz tadbirkorlar va olibsotarlar hozirgi vaziyatdan ustakorlik bilan foydalanmoqda. Shunday ekan, nega soliq va huquqni muhofaza qilish organlari tomoshabin bo`lib o`tiribdi? Nima uchun hozirgi murakkab sharoitda hukumat topshirig`ini etarli darajada bajarmaydi? Yoki ular bundan bexabarmi? Bunga ishonmayman. O`sha chekka bozorlarda qand-qurs cotib tirikchilik qilayotganlar tovarini olib qo`ygan soliqchilar xalqni qaqshatib, qimmat narxda sotilayotgan mashina-mashina unlarni ko`rmaydimi? Yo ularning olibsotarlar bilan tili birmi?  

Aslida, qishloq odamlar ko`p narsani talab qilishayotgani yo`q. Ular ehson ham so`ramayapti. Ayrimlarga o`xshab, xayriya markazlariga telefon qilib, oziq-ovqat keltirib ber, deyishni or biladi. Nahotki, aholi uyida “qamalib” o`tirishga majbur bo`lgan hozirgi og`ir kunlarda eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tartibga solishning imkoni bo`lmasa? Aqalli un narxini..." —  deya o`z mulohazalarini yakunlagan bloger.

Shu o`rinda aytish joizki, Hukumat topshirig`iga asosan, “O`zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizim korxonalarida ishlab chiqarilgan bir qop un 125 ming so`m qilib belgilandi. Ushbu topshiriq ijrosi ta`minlanishi va viloyatlar bo`ylab un narxi nazoratga olinishidan umidvormiz.

 

    Boshqa yangiliklar