AsosiyDunyo

Jahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi COVID-19 pandemiyasi davrida tabiat hodislar bilan bog`liq xavflarning oldini olish muhimligini ta`kidlamoqda

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) Bosh kotibi Petteri Taalas tashkilotga a`zo mamlakatl...

'Jahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi COVID-19 pandemiyasi davrida tabiat hodislar bilan bog`liq xavflarning oldini olish muhimligini ta`kidlamoqda'ning rasmi

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) Bosh kotibi Petteri Taalas tashkilotga a`zo mamlakatlarga COVID-19 pandemiyasi davrida meteorologik hodislar bilan bog`liq xavflarning oldini olish uchun milliy miqyosda ob-havoni kuzatish va erta ogohlantirish muhimligi to`g`risida murojaat qildi.

Petteri Taalas Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) nomidan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashayotgan a`zo davlatlar bilan birdamlikni izhor qildi va kasallik tufayli bugungi kundagi yo`qotishlar munosabati bilan chuqur ta`ziya bildirdi.

«Biz sog`liqni saqlash sohasidagi eng yangi tarixda misli ko`rilmagan, butun dunyoda insonlarga kulfat keltirayotgan hamda turmush tarzimizni, ish va kommunikasiyalar shaklini o`zgartirayotgan global inqirozga duch keldik. Koronavirus infeksiyasining pandemiyasi global miqyosda tezkor qat`iy javob choralari ko`rishni talab qilishiga qaramasdan , biz jamiyatlarimizga ayniqsa bugungi qiyin davrda tahdid solayotgan suv toshqini, qurg`oqchilik va tropik siklonlar kabi xavfli meteorologik hodisalarga nisbatan ogohlikni yo`qotmasligimiz zarur. Iqlim o`zgarishining ta`siri hamda ob-havo bilan bog`liq tabiiy ofatlar sonining ko`payishi muammosi avalgidek dolzarbdir. COVID-19 pandemiyasi mamlakatlar miqyosida xavfli hodisalar bilan bog`liq tahdidni chuqurlashtirishi mumkin. Shuning uchun hukumatlar COVID-19 pandemiyasi yuzaga keltirayotgan inqirozli vaziyatga qaramasdan milliy miqyosda ob-havoni kuzatish va erta ogohlantirish imkoniyatlariga e`tibor qaratishlari muhim» — deyiladi murojaatda.

JMT Bosh kotibi milliy meteorologiya va gidrologiya xizmatlarining insonlar hayoti va yashash vositalarini himoyalash, shuningdek, gumanitar faoliyat va tabiiy ofatlarni boshqarishni qo`llab-quvvatlash uchun ob-havo, iqlim va suv resurslari bilan bog`liq barcha sohalarda tutgan muhim o`rinlarini ta`kidlab o`tdi.

«Men milliy meteorologiya va gidrologiya xizmatlarining o`z xodimlarini qo`llab-quvvatlash hamda pandemiyaning ularning xizmatlar taqdim etish bo`yicha milliy, mintaqaviy va global majburiyatlariga potensial ta`sirini yumshatish borasida amalga oshirayotgan tashabbuslarini yuqori baholayman. Milliy meteorologiya va gidrologiya xizmatlari koronavirus infeksiyasi pandemiyasi natijasida yuzaga kelgan jiddiy qiyinchiliklarga qaramasdan kechayu-kunduz dam olish kunlarisiz o`z muhim funksiyalarini bajarishda davom etmoqdalar. Biz ularning insonlar va mulkni himoya qilish ishiga sodiqliklarini yuqori baholaymiz, shuningdek, salohiyat va resurslar borasidagi katta cheklovlarni ham e`tiborga olamiz.

Jahon meteorologiya tashkiloti shunday murakkab davrda hayotiy muhim bo`lgan gidrometeorologik xizmatlarni uzluksiz taqdim etishda milliy meteorologiya va gidrologiya xizmatlarini qo`llab-quvvatlash uchun butun kuchni ishga soladi deb Sizni ishontiramiz», — dedi u.

    Boshqa yangiliklar